Istiqlol – orzularga qanot bergan qudrat
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Mustaqillik – eng avvalo, inson taqdiridagi o‘zgarishlar, ulkan imkoniyatlar, erkin tanlov va orzularning ro‘yobga chiqishidir. O‘tgan 35 yil davomida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar aynan inson manfaati, uning bilim olishi, mehnat qilishi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun xizmat qildi.
Bugungi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirish, xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni kengaytirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar bo‘lishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bu siyosatning amaliy natijasidir. Endilikda iqtidorli o‘zbek yoshlari uchun dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olish orzu emas, balki erishish mumkin bo‘lgan maqsadga aylandi.
Istiqlolning haqiqiy qiymati ham ana shunda – u fuqarolarimizning imkoniyatlarini kengaytirdi, orzu va intilishlariga qanot bag‘ishladi. Bugun AQSH, Yevropa va Osiyoning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning hayot yo‘li buning eng yorqin isbotidir. Quyida ularning mustaqillik, yaratilgan imkoniyatlar va Vatan oldidagi mas’uliyat haqidagi fikr-mulohazalari bilan tanishasiz.
Aziza Hamidolimova, Arizona universiteti 4-kurs talabasi:

– Imkoniyatdan o‘z vaqtida foydalanish – muvaffaqiyat sari qo‘yilgan eng muhim qadamlardan biri. Aytishim mumkinki, men ham ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalangan yoshlardan biriman.
To‘qqiz yil avval dadam gazetada ijod maktablariga qabul boshlangani haqidagi xabarni o‘qib berganida, qalbimda: “Men aynan shu yerda o‘qishim kerak”, degan qat’iy ishonch paydo bo‘lgan edi. Ana shu orzu va ishonch meni tinmay izlanishga, o‘z ustimda ishlashga undadi.
Bugun esa dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Arizona universitetida tahsil olayotganim men uchun nafaqat shaxsiy yutuq, balki mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ularga bildirilayotgan yuksak ishonchning amaliy ifodasidir.
Bugungi kunda o‘zbek yoshlari dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olib, ilm-fan, innovatsiyalar va turli sohalarda munosib yutuqlarga erishmoqda. Ularning har bir muvaffaqiyati yurtimiz nufuzini xalqaro maydonda yanada yuksaltirib, biz yoshlar qalbida Vatan oldidagi mas’uliyat va faxr tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Men ham egallayotgan bilim va orttirayotgan xalqaro tajribamni kelajakda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida munosib xizmat qilishga safarbar etishni o‘zimning eng ulug‘ maqsadim deb bilaman.
Xosilmurod Abduxoliqov, “Yale University” 4-kurs talabasi:

– Bugungi raqamli davrda har bir davlatning taraqqiyoti avvalo, zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan va bilimli yoshlar salohiyati bilan belgilanadi. Shu bois o‘lkamizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish hamda raqobatbardosh kadrlar etib tarbiyalashga qaratilayotgan har bir tashabbus va qaror ulkan ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonlarda esa har birimiz o‘z vazifamizga mas’uliyat va vijdon bilan yondashishimiz muhim, deb hisoblayman.
Jizzax shahrida ochiq osmon ostidagi kutubxonalarni tashkil etish tashabbusiga bag‘ishlangan uchrashuvda Prezidentimiz bilan muloqot qilish baxtiga muyassar bo‘lganman. Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari menga qarab: “Menga aytgan baxmallik eng yaxshi universitetga kirgan yigitimiz shumi? Ota-onangizga rahmat ayting”, degan edilar. Prezidentimizning bu e’tirofi men uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Bu so‘zlar menga nafaqat katta faxr, balki yanada mas’uliyat bilan o‘qish, izlanish va yurtimizga munosib xizmat qilish yo‘lida tinmay mehnat qilishga kuchli rag‘bat bag‘ishlaydi.
Aytishim kerakki, men erishgan har qanday yutuq ota-onamning mehri, tarbiyasi va fidokorona mehnatining samarasidir. Ular farzandlarining kamoloti uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishgan. Shu ma’noda, mening muvaffaqiyatim nafaqat shaxsiy mehnatim, balki oilamning sabr-toqati va ishonchining ham natijasi, deb bilaman.
Bugun diyorimizda minglab ota-onalar farzandlarining porloq kelajagi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun halol mehnat qilmoqda. Ularning zahmati, sabr-matonati va ezgu orzulari mamlakatimiz rivojining mustahkam poydevorini yaratmoqda. Shuning uchun ham mustaqilligimiz yutuqlarining haqiqiy qahramonlari eng avvalo, ana shunday mehnatkash va fidoyi xalqimizdir.
Gulqumar Jaqsilikova, “Stony Brook University” 3-kurs talabasi:

– Tinch va osoyishta yurtda yashash, orzu-maqsadlar sari intilish va ularni ro‘yobga chiqarish uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish – biz yoshlar uchun nafaqat katta baxt, balki kelajak oldidagi yuksak mas’uliyat hamdir. E’tiborlisi, bugun mamlakatimizda yoshlarga bildirilayotgan ishonch, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan davlat siyosati o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Men Qoraqalpog‘istonning chekka hududida voyaga yetgan oddiy qiz sifatida bugun AQSHning Nyu-York shtatida tahsil olayotganimni Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yoshlarga yaratilayotgan beqiyos imkoniyatlarning yorqin natijasi, deb bilaman.
Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro ta’lim dasturlari, xorijda tahsil olish uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi kabi tizimli imkoniyatlar tufayli men kabi minglab yoshlar dunyoning eng nufuzli universitetlarida bilim olib, zamonaviy ilm-fan va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirmoqda. Bu imkoniyatlar bizga nafaqat yuqori malakali mutaxassis bo‘lish, balki xalqaro tajribani yurtimiz ravnaqi yo‘lida samarali qo‘llash mas’uliyatini ham yuklaydi.
O‘tgan yili davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi doirasidagi uchrashuvda nutq so‘zlash imkoniga ega bo‘lganim hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Uchrashuv davomida Prezidentimiz shaxsan menga qarata: “Sizdek qoraqalpoq qizim borligidan faxrlanaman. Ota-onangizga mening nomimdan rahmat ayting”, degan samimiy so‘zlarni aytgan edilar. Bu e’tirofni men o‘z hayotimdagi eng katta ishonch va eng yuksak rag‘bat sifatida qabul qildim.
O‘sha lahzada men yana bir haqiqatni chuqur angladim: insonning yutuqlari faqat uning shaxsiy mehnati bilan emas, balki unga ishongan ota-onasi, ustozlari va davlat yaratgan imkoniyatlar bilan ham chambarchas bog‘liq ekan. Prezidentimizning bu so‘zlari menga yanada ko‘proq izlanish, bilim olish va o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarim sari qat’iyat bilan intilish uchun kuchli turtki bo‘ldi.
Asadbek Abdushukurov,
Arizona universiteti “Jurnalistika” fakulteti 2-kurs talabasi