Bojxona idoralari rahbarlarining XI yillik uchrashuvi o‘z ishini boshladi
Bugun dunyoda xalqaro savdo va logistika tizimi jadal o‘zgarib bormoqda. Ayni jarayonda jinoiy tarmoqlar raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan faol foydalanayotganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
Zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik, tezkor axborot almashinuvi va risklarni boshqarishning ilg‘or mexanizmlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Toshkentda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining “Yo‘lovchi va yuklar harakatini nazorat qilish global dasturi” doirasida Bojxona idoralari va Port nazorati guruhlarining mintaqalararo tarmog‘i to‘g‘risidagi memorandumga a’zo davlatlar bojxona idoralari rahbarlarining XI yillik uchrashuvi o‘z ishini boshladi.
«Yo‘lovchi va yuklar harakatini nazorat qilish global dasturi» Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Uch kun davom etadigan mazkur nufuzli anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari G‘.Nasirov ochib berdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bojxona ma’muriyatlarini raqamlashtirish, ma’lumotlar tahliliga asoslangan xavflarni boshqarish tizimini joriy etish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Bojxona qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan Targetlash markazi xavflarni oldindan aniqlash, tahlil qilish va nazorat tadbirlarini samarali muvofiqlashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Uchrashuvdan maqsad Global dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalarini muhokama qilish, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar, prekursorlar va boshqa noqonuniy tovarlar aylanmasiga qarshi kurashishdagi hamkorlikni mustahkamlashdir. Bu borada kelgusi strategik vazifalar belgilanadi.
Tadbir davomida Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Turkmaniston va Ukraina bojxona ma’muriyatlari vakillari xavflarni tahlil qilish, targeting markazlari faoliyatini rivojlantirish, raqamli transformatsiya, sun’iy intellektdan foydalanish kabi ko‘plab masalalar yuzasidan tajriba almashadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Targetlash markazi, Markaziy bojxona laboratoriyasi hamda Bojxona rasmiylashtiruvi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishadi. XI yillik uchrashuv 30-iyulga qadar davom etadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA