Inson qadrining amaliy ifodasi
Inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash va ularning mulkiy huquqlarini ishonchli himoya qilish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilayotgan insonparvar islohotlarning muhim jihati ham shundaki, yillar davomida yechimini kutib kelgan muammolarga huquqiy asos yaratilib, fuqarolarning qonuniy manfaatlari amalda ta’minlanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga qaratilgan qonunning ahamiyati nihoyatda katta. Mazkur hujjat ko‘p yillar davomida turli sabablarga ko‘ra rasmiylashtirilmagan ko‘chmas mulklarga huquqiy maqom berish, fuqarolarning mulkiy manfaatlarini qonuniy himoya qilish va bu boradagi munosabatlarni tizimli tartibga solish uchun muhim huquqiy mexanizmni yaratdi. Bu jarayonning amaliy natijalari Buxoro viloyati misolida ham yaqqol ko‘rinadi.
Bugungi kunga qadar viloyatdagi 102 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazildi. Bu oddiy raqam emas. Har bir ob’ekt ortida muayyan xonadon, oila va insonning mulkiy manfaati bor. Xatlov orqali yer uchastkalari, ulardagi bino va inshootlar, foydalanish holati hamda mavjud ma’lumotlar o‘rganilib, huquqiy jihatdan tartibga solish uchun zarur baza shakllantirilmoqda.

Eng muhimi, bu ishlar aniq natija bermoqda. Bugunga qadar Buxoro viloyatida 13 758 nafar fuqaroning ko‘chmas mulklariga bo‘lgan huquqi e’tirof etilgan. Yaqinda Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi tomonidan “E’tirof” tizimida ijobiy xulosa olgan yana 1 598 nafar fuqaroning huquqiy hujjatlari mavjud bo‘lmagan ko‘chmas mulklariga egalik huquqi berildi. Natijada viloyatda mazkur qonun doirasida ko‘chmas mulkka egalik huquqi e’tirof etilgan fuqarolar soni 15 356 nafarga yetdi.
Bu raqamlar islohotlarning qog‘ozda emas, balki odamlar hayotida namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi. Chunki uy-joyga egalik huquqining qonuniy e’tirof etilishi fuqaroga nafaqat huquqiy himoya, balki ertangi kuniga ishonch beradi. Mulkning rasmiy huquqiy maqomi uni tasarruf etish, meros qoldirish, qonuniy bitimlar tuzish kabi imkoniyatlarni kengaytiradi.
Aslida, mulkiy huquqning kafolatlanishi — iqtisodiy barqarorlikning ham muhim omili. Huquqiy jihatdan himoyalangan mulk fuqaroning investitsiya qilish, uy-joyini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va o‘z mol-mulkidan samarali foydalanish imkoniyatlarini oshiradi. Demak, bu jarayon bir vaqtning o‘zida ham ijtimoiy, ham iqtisodiy ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, jarayonning samaradorligi fuqarolarning faol ishtirokiga ham bog‘liq. Xatlov jarayonida zarur ma’lumotlarni taqdim etish, ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlarning aniqligiga e’tibor qaratish va mutaxassislar bilan hamkorlik qilish huquqlarni qonuniy rasmiylashtirishni yanada tezlashtiradi. Zero, mulk huquqining e’tirof etilishi — shunchaki hujjat rasmiylashtirilishi emas. Bu insonning o‘z uyi, yeri va mol-mulkiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan muhim huquqiy kafolatdir.
Buxoroda amalga oshirilayotgan ishlar esa inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarning hududlardagi amaliy ko‘rinishi sifatida ahamiyatli. Har bir e’tirof etilgan mulkiy huquq ortida bir oilaning quvonchi, xotirjamligi va eng muhimi, qonun ustuvorligining yana bir amaliy natijasi mujassam.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri