Avlodlar qo‘lida sayqal topgan san’at
Marg‘ilon azaldan ipakchilik va abrbandlik san’ati bilan dong taratgan. Bu qadimiy hunar an’analarini asrab-avaylash, milliy matolarning unutilayozgan namunalarini qayta tiklash va kelgusi avlodlarga yetkazishda marhum usta Turg‘unboy Mirzaahmedov asos solgan hunarmandlar sulolasining munosib hissasi bor.
Sulola vakillari ko‘p yillardan buyon an’anaviy ipakchilik va abrbandlik san’atini rivojlantirib, milliy matolarning qadimiy namunalarini qayta tiklash bilan shug‘ullanib kelmoqda. Xususan, «a’lo baxmal» singari noyob mato turlariga qayta hayot baxsh etilgani ularning bu boradagi izlanishlari samarasidir.
Bugungi kunda sulola an’analarini Rasuljon Mirzaahmedov va uning o‘g‘li Abdullo Mirzaahmedov davom ettirmoqda. Ular ipak tolasini tabiiy o‘simlik va mineral bo‘yoqlar bilan bo‘yash, an’anaviy usulda naqsh solish hamda mato to‘qishning nozik sirlarini puxta egallagan. Bu jarayonlarda qadimiy texnologiyalardan foydalanilishi milliy matolarning o‘ziga xosligi va asl xususiyatlarini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.
Hunarmandlar tomonidan «Ko‘zacha», «Tanga», «Chayon», «Tumor» kabi yuzdan ortiq an’anaviy va zamonaviy naqsh namunalari yaratilgan hamda qayta tiklangan. Sulola ustalari tayyorlayotgan ipak va adras matolari nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham yuksak qadrlanmoqda. Ularning ijod namunalari AQSH, Italiya va Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan xalqaro moda haftaliklari va nufuzli ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.
Milliy matolarni qayta tiklash va an’anaviy hunarmandchilikni rivojlantirish borasidagi mehnati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan sulola vakillari yoshlarga hunar o‘rgatishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Jumladan, sulola davomchisi Abdullo Mirzaahmedov Marg‘ilon shahridagi Said Ahmadxo‘ja eshon madrasasida joylashgan Milliy hunarmandchilik markazida faoliyat yuritmoqda. Bu yerda to‘quvchilik, gilamchilik, chitgarlik va kashtachilik yo‘nalishlarida ustaxonalar tashkil etilgan.
[gallery-32102]
Markazda yo‘lga qo‘yilgan «Usta-shogird» an’anasi asosida yoshlarga milliy hunarmandchilikning nozik sirlari o‘rgatilmoqda. Bu esa qadimiy hunarlarning bardavomligini ta’minlash, Marg‘ilonning boy madaniy merosini asrab-avaylash va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA.