Bugun: gazetalarni varaqlaganda...
Bugungi O‘zbekiston gazetalari Prezident tashrifi, til bayrami, islohotlar va ijtimoiy muammolarni yoritdi. Ularning sahifalarida muhim tahlillar o‘rin oldi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetaсиda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi tafsilotlari sharhi berilgan. “Qashqadaryoda islohotlar shiddati: ishonch, imkoniyat va natija bilan xalqimiz qalbiga kirib bormoqda” sahifasi shu haqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga, shuningdek, “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti ishtirokchilariga tabriklari e’lon qilingan. “Himoyalangan huquq, qadrlangan vaqt va erkin raqobat”, “Milliy ahamiyatga molik masala”, “G‘oya qachon qiymatga aylanadi?”, “Til va alifbo o‘zlikni anglash, dunyoni idrok etish va mangulikka daxldor meros”, “Millat belgisi, davlat suvereniteti ramzi” kabi maqolalarda yurtimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ma’rifat olami va ona tilimizga hurmat, yangi davr nafasini his qilib turasiz. G‘ayrat Majidning “Ona tilim” she’ri gazetxon qalbiga hamohang jaranglaydi:
Shukr, sen bor – men borman, so‘z degan anjuman bor,
Sensiz millat, Vatan yo‘q, sen bor – millat, Vatan bor –
Ona til...
“Xalq so‘zi”da davlat rahbarining Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi tafsilotlari “Istiqbolli loyihalar Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar markaziga aylantirmoqda” nomli katta sahifada e’lon qilingan.
“Davlat rahbari xizmat safarini viloyatning “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Sulton Tex Group” to‘qimachilik klasterining yangi fabrikasi faoliyati bilan tanishishdan boshladi. Bu yerda mato ishlab chiqarish va bo‘yash fabrikasi tashkil etilib, qiymati 54 million dollar bo‘lgan loyiha yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvatiga ega liniyalar ishga tushirildi. Fabrikada 840 ta ish o‘rni yaratildi”, deb yozadi gazeta.
Gazetada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi, “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adaolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti ishtirokchilariga tabrigi e’lon qilingan. “O‘zak tomirlarimizdan oziqlangan buyuk meros” sahifasi o‘zbek tili bayrami shodiyonalariga bag‘ishlangan.
“Asosiy bayram tadbiri poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar erta tongdanoq poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida bo‘lib, o‘z ijodi va faoliyati orqali tilimizning jozibasini, lug‘at boyligi hamda imkoniyatlarini butun dunyoga ko‘rsata bilgan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi”, deb yozadi maqola muallifi. “Millat ma’naviyatining mayog‘i”, “O‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan hujjat”, “Yo‘l harakati xavfsizligi masalalari e’tibor markazida”, “Ishonch diplomatiyasi” kabi mavzularda berilgan sahifalar, maqolalarda amalga oshirilayotgan ishlar, inson va jamiyat, o‘zbek tili va takomillashtirilgan alifbo masalalari tahlil qilingan.
“Ishonch” “O‘zgarishlar oson kechmaydi” nomli sahifa bilan boshlangan. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi to‘rtta harfni o‘zgartirishga oid qonunni imzolagani haqida so‘z boradi. Taniqli siyosiy sharhlovchi Jahongir Nahanovning ”Muloqotdan aniq loyihalar sari” maqolasida “S5+1” – Markaziy Osiyo va AQSH munosabatlari chuqur tahlil qilingan.
“Mintaqa Rossiya, Xitoy, AQSH va boshqa yirik kuchlar manfaatlari kesishgan nuqtada joylashgan. Markaziy Osiyo davlatlari uchun esa yangi bozorlarga chiqish, investitsiya jalb etish, muqobil transport yo‘llarini ochish hamda milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bugungi kunning eng muhim masalalaridan biriga aylangan”, deb yozadi muallif. “Gaplar aytildi”, “Mushtariylar qanday fikrda?”, “Internetga sotilayotgan bolalik”ni o‘qib...”, “Bor ekansan-ku, O‘zbegim!” kabi maqolalarning zamirida hayot, hayotga, uning o‘zagi bo‘lmish ona tiliga bo‘lgan muhabbat so‘nmasligiga da’vat borligini his qilib turasiz.
“Jamiyat” – bugungi kun muammolari bilan nafas oladi. “Ob-havo keskin o‘zgarganda nimalarga e’tibor berish kerak?”, “Peshtoqdagi xato – xalq yuzidagi dog‘”, ”Parijda yangragan Uchinchi Renessans sadosi”, “Bola faqat himoya ob’ekti emas, u – huquq sub’ekti!”, “Tushunarsiz qo‘shiq va tushunarli sog‘inch” kabi maqolalarda olam va odam, inson qadri va jamiyat hayoti aks etgan. “Jarima vijdondan ustunmi?” maqolasidagi mulohazalar davolanishi qiyin bo‘lgan eski yarani eslatadi: “... qo‘lida qora polietilen xalta ko‘targan, bashang kiyingan bir yigit ko‘rindi. U atrofga olazarak boqar, qadamlarini tezlatardi. Yo‘l ustidagi zamonaviy kuzatuv kamerasining ostidan o‘tayotganda xuddi hech gap bo‘lmaganidek, qo‘lidagi xaltani orqasiga yashirib, “madaniyatli” fuqarodek silliqqina o‘tib ketdi. Chunki u biladi: bu yerda axlat tashlasa ertagayoq telefoniga bir necha yuz ming so‘mlik jarima keladi. Cho‘ntak kuyishidan qo‘rqadi”. Davomini gazatadan o‘qing, qiziq.
“XXI ASR” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan ona tilimiz olis ajdodlarimizdan bizga buyuk meros bo‘lib kelayongan o‘z tilimizdir. Biz “O‘z” degan ezgu g‘oyani tilga munosabatimizda ham ana shunday tushunamiz va joriy etamiz. Ayni shu g‘oya o‘zak tomirlarimizdan oziqlanib kelgan ona tilimizga dunyo bilan erkin muloqot qilish, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, xalqimiz madaniyatini yuksaltirishda yangi kuch-quvvat beradi deb ishonamiz” degan so‘zlari bilan boshlanadi. Gazetada O‘zbek tili bayrami shukuhini his qilib turasiz.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabekning “O‘zbek tili” she’ri ham fikrimizga dalil:
Ko‘ksim ichra bir sharor o‘zbek tili,
Etgay olamni bahor o‘zbek tili.
Sochgay ochunga go‘zol chechaklarin,
Yog‘sa ham boshida qor, o‘zbek tili.
Bitta turkiy til daraxtin shoxlari –
Turk, qozoq, qirg‘iz, tatar, o‘zbek tili...
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev,
O‘zA