Inqilob g‘ildiragi: Elektromobillar insoniyatni qay tomon yetaklamoqda?
So‘nggi yillarda jahon avtomobil sanoati so‘nggi bir asr ichida kuzatilmagan beqiyos va muqarrar takomillashish davrini boshdan kechirmoqda.
O‘nlab yil davomida kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan ichki yonuv dvigatelli mashinalar o‘rnini asta-sekin elektr toki yordamida harakatlanuvchi transport vositalari egallamoqda. Ekologiya bilan bog‘liq tahdid, global iqlim o‘zgarishi va neft resursi cheklangani yetakchi davlatlar hamda yirik avtomobil konsernlari oldiga transport tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ymoqda.
Yevropa Ittifoqi 2035-yildan boshlab zararli chiqindi ajratadigan yangi benzin va dizel avtomobili sotuvini butunlay taqiqlashni rejalashtirgan. AQSH va Xitoy elektromobillarni ommalashtirish uchun ulkan subsidiya va soliq imtiyozini joriy qilmoqda. Bu jarayonda “Volkswagen”, BMW, “General Motors” va “Toyota” kabi gigantlar milliardlab dollarlik sarmoyani yangi elektr platformalariga yo‘naltirmoqda.
Bozorda esa Ilon Maskning “Tesla” kompaniyasi va Xitoyning BYD brendi o‘rtasida keskin raqobat kuchaygan. “Tesla” dasturiy ta’minot va muxtor boshqaruv texnologiyasi bilan soha yalovbardoriga aylangan bo‘lsa, BYD arzon va ishonchli batareyalari bilan sotuv miqdori bo‘yicha dunyo yetakchiligini qo‘ldan bermayapti.
Elektromobilga bu qadar kuchli qiziqish va talab bejiz emas. Zero, bunday qurilmalar qator muhim afzalliklarga ega. Birinchi sabab tejamkorlik bilan bog‘liq: elektr energiyasi benzin yoki dizel yonilg‘isiga qaraganda ancha arzon. Shuningdek, elektromobilda harakatlanuvchi va tez ishdan chiquvchi ehtiyot qismlar – moy, tozalagich, alangalagich, uzatma qutisi kam bo‘lgani uchun texnik xizmat ko‘rsatish xarajati qariyb ikki barobar kam.
Ikkinchidan harakat davomida havoga zaharli chiqindi chiqmaydi va yirik shaharlarda ekologik vaziyat yaxshilanadi.
Bundan tashqari zamon bilan hamnafas elektr dvigateli yuqori tezlanish, silliq va shovqinsiz harakat tufayli haydovchi va yo‘lovchiga yuqori darajada qulaylik taqdim etadi.
Shu bilan birga ushbu texnologik inqilobning o‘ziga xos murakkabligi va kamchiligi ham mavjud. Asosiy muammolardan biri infratuzilma hali to‘liq tayyor emasligi va quvvatlash nuqtalari – “charging stations” yetarli emasligidir. Benzin quyish uchun atigi bir necha daqiqa kifoya, elektromobilni quvvatlash esa ancha ko‘p vaqt talab qiladi. Ayni holat uzoq masofali safar davomida muayyan noqulaylik keltirib chiqaradi. Qolaversa, mashinaning eng qimmat qismi hisoblangan litiy-ion batareyasi vaqt o‘tishi bilan sig‘im qobiliyatini yo‘qotib boradi. Bunday moslamani almashtirish sarfi qimmat.
Batareyalar o‘ta sovuq yoki issiq iqlim sharoitida samaradorligini yo‘qotib, bir martalik quvvat bilan yurish masofasi keskin kamayadi. Mutaxassislar elektromobilning “yashirin” ekologik ta’siriga ham e’tibor qaratishadi: ya’ni zarur elektr energiyasi asosi hamon ko‘mir yoki gazdan olinadi, litiy va kobalt qazib olish hamda eskirgan batareyani foydalanishdan chiqarish jarayoni atrof-muhitga ma’lum darajada zarar yetkazadi.
Xulosa shuki, elektromobil inqilobi vaqtincha urf emas, balki insoniyatning yanada sog‘lom va barqaror kelajak sari tashlagan muqarrar qadamidir. Texnologiya shiddat bilan rivojlanishi jarayonida muqobil va arzon batareya yaratish va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish orqali mavjud kamchilik yaqin yillarda yechim topishi kutilyapti. Ichki yonuv dvigateli davri yakuniga yetmoqda, yaqin o‘n yillikda elektr transport vositalari yo‘llarimizda to‘liq hukmronlik qiladi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA