Ilonning boshi qayerda?
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi yangi qonun va jamiyatning ma’naviy mas’uliyati
O‘zbek xalqini bolajon xalq deyishadi. Bu gap maqtov uchun to‘qilmagan. Bizda azaldan «bolaning begonasi bo‘lmaydi» deyiladi. Ko‘chada yig‘lab turgan birovning bolasini ko‘rgan odam indamay o‘tib ketolmaydi. Mahalladagi har bir katta har bir kichikka ota yoki ona ko‘zi bilan qaraydi. Shuning uchun ham 2026-yil sentabrida Namangan viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotida besh yoshli qizaloqqa nisbatan sodir etilgan qabohat haqidagi xabar butun mamlakatni larzaga soldi. Ijtimoiy tarmoqlardan tortib mahalla guzarigacha, oddiy onadan tortib davlat rahbariyatigacha jamiyatning barcha qatlamlari bir ovozdan munosabat bildirdi.
Davlatning javobi kechikmadi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, gumonlanuvchi shu kunning o‘zidayoq ushlandi, tergov ustidan nazoratni Bosh prokuror shaxsan o‘z zimmasiga oldi. Prezident Administratsiyasi rahbari jinoyatchi qonundagi eng og‘ir jazoga tortilishini, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham javob berishini ma’lum qildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi barcha davlat bog‘chalari xodimlarini tekshirishga kirishdi. Bolalar ombudsmani esa jamoatchilikni tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Bu chaqiriqning ahamiyati katta. Jabrlangan bolaning sha’ni har bir o‘ylamay qilingan «repost» bilan qayta-qayta toptaladi.
Shu kunlarda qabul qilingan qarorlar orasida bittasi alohida e’tiborga loyiq. Ijtimoiy himoya milliy agentligi qizaloq va uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilishini, uy-joy va reabilitatsiya bilan ta’minlanishini, onasiga o‘qish va ishga joylashishda ko‘mak berilishini, zarur bo‘lsa, familiyasini o‘zgartirishga ham yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Bag‘ri tilka-pora bo‘lgan ona va hali o‘zini tanib ulgurmagan murg‘ak uchun bu odamlarning achinish va qiziqish aralash nigohlaridan, «ana, o‘sha bola» degan pichir-pichirlardan xoli yangi hayot boshlash imkoniyatidir. Viktimologiyada «ikkilamchi jabrlanish» degan tushuncha bor. Jabrdiyda jinoyatning o‘zidan keyin atrofdagilarning munosabati tufayli yana aziyat chekadi. Oilani ana shu ikkinchi jarohatdan asrash eng oqilona va odil qaror bo‘ldi.
Qonun nimani o‘zgartirdi?
Namangan voqeasi jamiyatda anchadan beri yetilib kelayotgan savolni keskin ko‘ndalang qo‘ydi. 2026-yil 30-sentabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 2-oktabrda Senat tomonidan ma’qullangan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun 14-oktabrda Prezident tomonidan imzolandi. Hujjat beshta kodeks va oltita qonunga o‘zgartirish kiritadi. Uning muqaddimasida O‘zbekistonning Bogota harakatlar chaqirig‘iga qo‘shilgani, Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyansga a’zo bo‘lgani va 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi tasdiqlangani qayd etilgan.
Jinoyat kodeksidagi o‘zgarishlar eng ko‘p muhokama qilinmoqda. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish (118-modda to‘rtinchi qismi) va shunday bolaga nisbatan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda to‘rtinchi qismi) uchun jazo o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish etib belgilandi. Voyaga yetmaganlarga qarshi bunday jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati qo‘llanilmaydi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazoni yengillashtirish istisno etildi.
Biroq qonunning qimmati faqat jazo muddatlarida emas. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohga davlat hisobidan advokat biriktiriladi. Jinoyat ota-ona yoki yaqin qarindosh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, barcha protsessual harakatlarda vasiylik va homiylik organi vakili ishtirok etadi. Bola bilan gumonlanuvchini yuzlashtirish faqat alohida qaror asosida o‘tkaziladi. Mehnat kodeksiga bolaga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan ta’lim xodimi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning qo‘shimcha asosi kiritildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks esa bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsulotini tayyorlash va tarqatish uchun yangi 189.3-modda bilan to‘ldirildi. Bu oxirgi norma mavzuimiz uchun ayniqsa muhim, unga yana qaytamiz.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva qonunning ruhini qisqa va aniq ifodaladi:
«Yosh bolaga nisbatan zo‘ravonlikka aslo toqat qilib bo‘lmaydi, jazo esa muqarrar va murosasiz bo‘lishi shart... Yosh bolaning xavfsizligi shart-sharoit yoki vaziyatlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas».
Jazoning og‘irligi va muqarrarligi
Bundan ikki yarim asr oldin italiyalik huquqshunos Chezare Bekkaria «Jinoyatlar va jazolar haqida» asarida jinoyatni to‘xtatadigan narsa jazoning shafqatsizligi emas, balki uning muqarrarligi ekanini yozgan edi. Mo‘’tadil, lekin albatta keladigan jazo og‘ir, ammo qochib qutulish mumkin bo‘lgan jazodan ko‘ra kuchliroq ta’sir qiladi. Yangi qonunning eng teran jihati ham shu yerda. Yigirma besh yil yoki umrbod qamoq haqidagi xabar jamiyatning adolatga bo‘lgan tashnaligini qondiradi. Lekin javobgarlikka tortish muddatining bekor qilinishi, yengillashtiruvchi holatlarning inobatga olinmasligi jinoyatchiga «yillar o‘tsa, unutiladi» degan umid qoldirmaydi. Bu endi jazoning muqarrarligidir.
Shu bilan birga, har qanday jazo jinoyat sodir bo‘lganidan keyin ishga tushadi. U sodir bo‘lgan qabohatga javob beradi, lekin bola allaqachon jarohatlangan bo‘ladi. Ochiq aytish kerak, hozircha biz ilonning dumini kesyapmiz. Har bir fojiadan keyin jazo kuchayadi, jamiyat bir-ikki hafta larzada yuradi, keyin hayot o‘z iziga tushadi va navbatdagi xabargacha hamma narsa unutiladi. Dumi kesilgan ilon esa o‘lmaydi, u iniga kirib, fursat poylaydi. Ilonning boshini yanchmaguncha bu aylanma davom etaveradi.
Jamiyat uyg‘onganda – xalqaro saboqlar
Bolaga qarshi jinoyat jamiyatni qanday oyoqqa turg‘izishi mumkinligini jahon tarixi ko‘p marta ko‘rsatgan. 1995-yil 4-sentabrda Yaponiyaning Okinava orolida uch nafar amerikalik harbiy xizmatchi 12 yoshli qizchaning nomusiga tegdi. Bu jinoyat butun Okinavani harakatga keltirdi. O‘sha yilning 21-oktabr sanasida Ginovan shahrida 85 mingga yaqin odam namoyishga chiqdi. Gubernator Masaxide Ota harbiy baza yerlari bo‘yicha hujjatlarni imzolashdan bosh tortdi. AQSH Prezidenti Bill Klinton va Yaponiya Bosh vaziri Ryutaro Xashimoto uchrashuvida og‘ir jinoyatlarda gumonlanuvchilarni ayblov e’lon qilingunga qadar yapon tomoniga topshirish masalasi ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Ikki davlat Okinava zimmasidagi harbiy yukni kamaytirish yo‘llarini izlashga majbur bo‘ldi. Yaponiyaning o‘zida esa keyingi yillarda zo‘rlash uchun jazo og‘irlashtirildi. 2023-yilda jinsiy rozilik yoshi 13 yoshdan 16 yoshga ko‘tarildi.
Ikkinchi misol qo‘shni Qozog‘istondan. 2020-yil iyulida Satpayev shahrida besh yoshli qizcha yo‘qolib qoldi va uni mahalliy aholidan birining xonadonidan topishdi. G‘azablangan aholi gumonlanuvchini o‘zlariga topshirishni talab qilib ko‘chaga chiqdi. Tartibsizliklar boshlandi, politsiya xodimlari jarohatlandi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev tergovni shaxsiy nazoratga oldi. Senat raisi Maulen Ashimbayev esa xalqning noroziligi o‘rinli ekanini, biroq jazo faqat qonun asosida berilishi kerakligini ta’kidladi. Bu voqea keyinchalik Qozog‘istonda bolalarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga turtki bo‘ldi. Undan chiqadigan saboq esa bunday. Jamiyatning haqli g‘azabi qonun o‘zaniga yo‘naltirilmasa, u o‘zboshimchalik va o‘z-o‘zini sud qilishga aylanishi mumkin.
Koreya Respublikasida 2008-yilda sakkiz yoshli qizchaga nisbatan sodir etilgan vahshiylik va jinoyatchiga tayinlangan 12 yillik jazo xalqning kuchli noroziligiga sabab bo‘ldi. Natijada 2011-yilda 16 yoshga to‘lmagan bolalarga qarshi jinsiy jinoyat sodir etganlarga nisbatan kimyoviy kastratsiya qo‘llashga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirdi. Shu bilan birga, bunday shaxslar elektron kuzatuv bilaguzugi va ochiq reyestr orqali nazoratda saqlanadi. AQSHda 1990-yillarda «Megan qonuni» bilan jinsiy jinoyatchilarning ochiq reyestri joriy qilindi. 2005-yilda Floridada qabul qilingan «Jessika qonuni» esa 12 yoshgacha bo‘lgan bolaga nisbatan jinsiy jinoyat uchun kamida 25 yillik qamoqni belgiladi.
Bu misollarning barchasida bir xil manzara ko‘rinadi. Fojia, xalq g‘azabi, jazoning keskin kuchayishi. Ammo jahon statistikasi jazoning o‘zi muammoni hal qilmasligini ko‘rsatadi. YUNISEF ma’lumotiga ko‘ra, bugun yer yuzida yashayotgan 370 milliondan ortiq qiz va ayol, ya’ni har sakkiz nafardan biri 18 yoshga to‘lgunga qadar zo‘rlash yoki jinsiy tajovuzga duchor bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bolalarga qarshi zo‘ravonlikka chek qo‘yish uchun ishlab chiqqan INSPIRE strategiyasida yettita yo‘nalishni ko‘rsatadi. Qonunlarni joriy etish va ijro etish, ijtimoiy me’yor va qadriyatlar, xavfsiz muhit, ota-onalarga ko‘mak, oilalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, jabrdiydalarga xizmat ko‘rsatish hamda bolalarga hayotiy ko‘nikmalarni o‘rgatish. Qonun bu yettilikning faqat bittasi, qolgan oltitasi jamiyatning ma’naviy hayotiga tegishli.
Muammoning ildizi esa og‘riq hissi o‘tmaslashganda
Afsuslar bo‘lsinki, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqidagi xabarlarning ommaviy axborot vositalarida tez-tez yoritilayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarlar kun sayin ko‘payib borayotgani dilni xira qiladi. Lekin undan ham tashvishliroq holat bor. Ijtimoiy tarmoqlarda «o‘gay akasi nomusiga tekkan qiz», «o‘z otam nomusimga tegdi», «o‘gay qizining nomusiga tekkan ota» mazmunidagi seriallar, sahnalashtirilgan videolar va «hayotiy hikoyalar» tobora ko‘paymoqda. Axborot makonida ma’lum haqiqat bor. Bunday kontentning tomoshabini yaxshi, tarbiyaviy kontentga qaraganda bir necha barobar ko‘p. Algoritm esa ko‘p ko‘rilgan narsani yana ko‘proq odamga yetkazadi.
Amerikalik tadqiqotchi Jorj Gerbner o‘tgan asrning 70-yillaridayoq «kultivatsiya nazariyasi»ni ilgari surgan edi. Unga ko‘ra, ekrandan uzoq vaqt davomida takror-takror ko‘rilgan manzaralar insonning voqelikni qanday tasavvur qilishini sekin-asta o‘zgartiradi. Albert Bandura tajribalari esa bolalar ko‘rgan xatti-harakatni, ayniqsa, u jazosiz qolgan bo‘lsa, taqlid orqali o‘zlashtirishini isbotlagan. Psixologiyada bu jarayon desensibilizatsiya, ya’ni sezuvchanlikning pasayishi deb ataladi. Bir marta eshitilgan dahshatli xabar yurakni larzaga soladi. O‘ninchi marta eshitilganda esa u shunchaki «yana bir xabar»ga aylanadi. Kishida qabohatga nisbatan og‘riq hissi o‘tmaslashadi, u odatiy holdek tuyula boshlaydi.
Kriminologlar Jeyms Uilson va Jorj Kelling 1982-yilda «singan derazalar» nazariyasini taklif etgan edi. Agar binodagi bitta singan oyna vaqtida almashtirilmasa, ko‘p o‘tmay qolgan derazalar ham sindiriladi. Chunki atrofdagilar «bu yerda hech kimga farqi yo‘q» degan xulosaga keladi. Axborot muhitida ham xuddi shunday. Nomus, oila, qarindoshlik kabi muqaddas tushunchalarni hazil, tomosha yoki «xayp» manbaiga aylantiruvchi har bir video “ma’naviy devorimizdagi bitta singan oynadir”.
Yangi qonundagi 189.3-modda shu derazalarni yopishga qaratilgan huquqiy qadamdir. Ammo ochiq tan olishimiz kerak. Bu kontentni biz o‘zimiz ko‘ramiz, «layk» bosamiz, tarqatamiz. Demak, muammo faqat kimdir bizga uni tiqishtirayotganida emas, muammo o‘zimizda ham bor.
Profilaktika ma’naviy immunitetdan boshlanadi
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) «Kichiklarimizga rahm qilmagan va kattalarimizning sharafini tanimagan kishi bizdan emas», deganlar (Termiziy rivoyati, 1920-hadis). Bu hadisda kichiklarga rahm-shafqat birinchi o‘rinda tilga olingani bejiz emas. Nelson Mandelaning «Jamiyatning qalbini uning bolalariga munosabatidan ham aniqroq ko‘rsatadigan narsa yo‘q» degan fikri ham xuddi shu haqiqatni boshqa bir madaniyat tilida takrorlaydi. Ilonning boshini yanchish ana shu ma’naviy zamindan boshlanadi. Bu borada bir necha amaliy yo‘nalishni alohida ta’kidlash mumkin.
Birinchisi, bolalar muassasalarida kadrlar saralovi. Namangan voqeasida gumonlanuvchi tarbiyachi emas, bog‘chaning ombor mudiri ekani ma’lum bo‘ldi. Demak, bolalar bilan bir hududda ishlaydigan har bir xodim, u qorovul bo‘ladimi, oshpaz yoki omborchimi, tarbiyachi kabi sinchkovlik bilan tekshirilishi lozim.
Ikkinchisi, bolaga o‘z tanasining daxlsizligini o‘rgatish. Bola yoshiga mos tilda «yaxshi va yomon teginish», «hech kim senga ota-onangdan sir saqlashni buyura olmaydi» kabi oddiy qoidalarni bilishi kerak. Zo‘ravonlik ko‘pincha bola qo‘rqqani yoki nima bo‘lganini tushunmagani uchun uzoq vaqt yashirin qoladi.
Uchinchisi, «bolaning begonasi bo‘lmaydi» tamoyilini qayta tiklash. Mahalla, qo‘ni-qo‘shni, maktab va bog‘cha jamoasi bolaning xulqidagi keskin o‘zgarishni sezishi va befarq qolmasligi lozim. Yangi qonun bu yo‘lni ham ochib berdi. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik haqida murojaat qilgan shaxs o‘ziga javob xati yuborilmasligini so‘rashi mumkin. Bu oila ichidagi zo‘ravonlik haqida xabar berayotgan qo‘shni yoki qarindoshni ortiqcha xavfdan asraydi.
To‘rtinchisi, axborot madaniyati va media etikasi. Jurnalist va bloger bunday voqealarni yoritganda jabrdiydaning shaxsini, yashash joyini, tafsilotlarni oshkor qilmasligi, har bir xabarni «tomosha» emas, «ogohlantirish» tarzida berishi kerak. Ota-onalar esa farzandi telefonda nimani ko‘rayotganidan bexabar qolmasligi lozim. Biz ko‘rmagan, «layk» bosmagan kontent algoritm orqali tarqalmaydi.
Beshinchisi, jabrdiydaga uzoq muddatli ko‘mak. Jinoyatchiga sud hukmi chiqarilgach, jamiyatning e’tibori odatda so‘nadi. Bola va uning oilasi esa ruhiy jarohat bilan yillar davomida yashaydi. Psixolog yordami, oilani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bolaning yangi muhitda tengdoshlari orasida erkin o‘sishi uchun sharoit yaratish bir necha haftalik emas, bir necha yillik ish bo‘lishi kerak. Yangi qonun bilan joriy etilgan davlat hisobidan yuridik yordam ham aynan shu mantiqqa xizmat qiladi. Namanganda ko‘rilgan choralar bu yo‘lda yaxshi namuna bo‘la oladi. Endi bu yondashuv shu kabi holat sodir etilsa, xabar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat’i nazar, qo‘llanilishi muhim. Zero, jamiyatning haqiqiy yuzi shovqin tinganidan keyin ko‘rinadi.
So‘nggi so‘z o‘rnida
Yangi qonun huquqiy bo‘shliqlarni yopdi. Jinoyatchi endi na muddat o‘tishiga, na yengillashtiruvchi holatlarga, na shartli hukmga umid bog‘lay oladi. Bu ilonning dumini emas, hech bo‘lmaganda tanasini kesadigan qadam. Lekin ilonning boshi boshqa joyda. U befarqlikda, «menga nima» degan sukutda, qabohatga ko‘nikib boruvchi ko‘zlarimizda, ko‘p ko‘rilgani uchun tarqalayotgan buzuq kontentlarda. Uni hech bir kodeks moddasi yolg‘iz o‘zi yancha olmaydi. Buni faqat «bolaning begonasi bo‘lmaydi» degan azaliy hikmatni yana hayotimiz qoidasiga aylantirgan jamiyat uddalay oladi.
Davlat o‘z so‘zini aytdi.
Endi harakat navbati bizda! Har bir ota-ona, har bir mahalla, har bir muallim va har bir smartfon egasida.
Nigora XUSANOVA,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti
katta ilmiy xodimi, dotsent