Arxiv ishida yangi davr: Raqamlashtirish va sun’iy intellekt
“O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ishtirokida yangi joriy etilgan "Arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish" davlat xizmatini ko‘rsatishning yangi tartibi yuzasidan birifing bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2025-yil 24-noyabrdagi «Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosi doirasida 2026-yil 10-oktabrda Vazirlar Mahkamasining 559-son qarori qabul qilinib, arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning yagona Ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Bu nima beradi?
Avvalo, shu paytga qadar turli tartib va yondashuvlar asosida amalga oshirilgan jarayonlar endi yagona mexanizm asosida tashkil etiladi. Qaysi hujjat ekspertizadan o‘tkazilishi, uni kim ko‘rib chiqishi, qancha muddatda xulosa berilishi va xizmat uchun qancha to‘lov qilinishi aniq belgilab qo‘yildi.
Ekspertizaga, jumladan, saqlash muddatlari ko‘rsatilgan sohaviy hujjatlar ro‘yxatlari, ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnomalar, hujjatlar yig‘majildlari nomenklaturasi, idoraviy arxiv to‘g‘risidagi nizomlar, ekspert komissiyalari to‘g‘risidagi hujjatlar, doimiy saqlanadigan, alohida qimmatli va noyob hujjatlar ro‘yxatlari hamda boshqa muhim arxiv hujjatlari taqdim etilishi belgilandi.
Yana bir muhim jihat - tashkilotdan Reglamentda nazarda tutilmagan qo‘shimcha ma’lumot yoki hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etish mexanizmi belgilandi. Elektron shaklda hujjatlar Word yoki PDF formatda taqdim etiladi. YAIDXP orqali murojaat qilinganda xizmat uchun belgilangan to‘lovning 90 foizi to‘lanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ekspertiza natijasida berilgan xulosa va bildirishnomalarning elektron reyestrini yuritish tartibi ham belgilab qo‘yildi. Bu jarayonlarning hisobdorligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan belgilangan raqamlashtirish vazifalaridan kelib chiqib, endi asosiy e’tibor ushbu yangi mexanizmni amaliyotda to‘liq ishga tushirishga qaratiladi.
Birinchi navbatda, Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish imkoniyati yaratilishi lozim.
Bunda faqat ariza yuborish emas, balki murojaatning har bir bosqichini elektron ravishda kuzatish imkoniyati ham yaratiladi. Bunda ariza qayerda ekani, qaysi bosqichda ko‘rib chiqilayotgani va natijasi qanday bo‘lganini elektron tizim orqali kuzatish imkoni paydo bo‘ladi. Bu, eng avvalo, ortiqcha qog‘ozbozlik va idorama-idora yurishlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Ikkinchi muhim vazifa - davlat organlari va tashkilotlarida arxiv ishi va ish yuritish hujjatlarini tayyorlash sifatini oshirish. Chunki ekspertiza jarayonining raqamlashtirilishi faqat xizmatni elektron shaklga o‘tkazish degani emas. Endi hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligi, ularni to‘g‘ri rasmiylashtirish, saqlash muddatlarini aniq belgilash va keyinchalik davlat arxivlariga sifatli qabul qilish jarayoni ham yagona yondashuv asosida olib boriladi.
Eng muhim vazifalardan yana biri, 2027-yil 1-martdan boshlab arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA