Cho‘pon otada “Do‘stlik bog‘i” tashkil etildi
Samarqand shahrining Cho‘pon ota tepaliklarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi.
Yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi jamoat tashkilotlari, islomiy va noislomiy diniy tashkilotlar, milliy madaniy markazlar vakillari, nuroniylar va yoshlar qatnashdi.

Ishtirokchilar tepalikda 1500 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, yurtimizni bog‘u bo‘stonga aylantirishga hissa qo‘shdi.
– Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, atrof-muhitni asrash hamda hududlarni yanada obod va ko‘kalamzorlashtirishga hissa qo‘shish edi, – deydi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining viloyat bo‘limi rahbari Doston Malikov. – Viloyatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari, faollar bunday ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, ko‘chat ekilgan hududni “Do‘stlik bog‘i” deb nomlash taklifini bildirdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri