Ijodiy birlashmalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilanmoqda
Madaniyat va san’at sohasida yangi davr boshlanmoqda. Prezident vakili boshchiligida ijodiy birlashmalar faoliyati ko‘rib chiqildi, milliy san’atimiz rivoji uchun qanday strategik yo‘llar belgilandi?
Millatimiz azal-azaldan jahonda madaniyat toji sifatida namoyon bo‘lib kelgan. Shonli tarixga munosib buyuk kelajak yaratishga bel bog‘lagan yurtimizning bugungi siyosati ham san’at, madaniyat hamda adabiyot rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan ayni kunlarda ijodiy birlashmalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, ularning ish samaradorligini oshirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ana shunday amaliy harakatlar davom ettirilib, Musiqiy estrada ijodiy birlashmasi hamda Moda va dizayn ijodiy birlashmasining faoliyati bilan tanishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Hasan Salixov boshchiligidagi mas’ullar hamda ijodiy birlashmalar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda Musiqiy estrada ijodiy birlashmasi ijrochi direktori Samandar Sodiqov hamda Moda va dizayn ijodiy birlashmasi ijodiy rahbari Lali Fazilova tomonidan birlashmalar faoliyati, amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Muloqotda ijodiy birlashmalar faoliyatini yanada takomillashtirish, zamonaviy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy san’at va madaniyatni keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, sohada zamonaviy tendensiyalarni joriy etish, ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab olish, ijodiy birlashmalar faoliyatini samarali tashkil etish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Sherbek Islomov, O‘zA