Ahmadjon Meliboyev faoliyati – millatlararo do‘stlik ramzi
Keyingi yillarda milliy adabiyotimiz ravnaqiga qaratilayotgan e’tibor qardosh xalqlar bilan adabiy aloqalarning tobora mustahkamlanishidek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Bu esa yurtimiz ijodkor ziyolilari ijodining respublika va xalqaro miqyosda tobora ko‘proq e’tirof etilishiga puxta zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning 9-sentabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov imzolagan farmonga binoan ikki qardosh xalq — o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev Qirg‘iziston Respublikasining «Dostuk» (Do‘stlik) ordeni bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Meliboyev – o‘zbek jurnalistikasi va publitsistikasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, so‘z qadrini chuqur his qiladigan ijodkorlardan biri. Uning hayoti va ijod yo‘liga nazar tashlasak, jurnalistika uning uchun oddiy kasb emas, balki inson, jamiyat va ma’naviyat oldidagi mas’uliyat ekanini anglaymiz.
Ijodkor 1946-yili O‘sh viloyatidagi Safed Bulon qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Matbuot sohasida bugunga qadar samarali mehnat qilib kelmoqda.
Ijodkorning jurnalistikani tanlashi bejiz emas. Maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq uning yozma ishlari o‘qituvchilari e’tiborini tortgan. Bu esa unda so‘zga, qalamga va ijodga bo‘lgan ishonchni kuchaytirgan. Keyinchalik u mahalliy gazetalarga maqolalar yoza boshlagan, turli tahririyatlarda ishlagan va jurnalist kasbining mashaqqatli, ammo sharafli yo‘lini bosib o‘tgan.
Ahmadjon Meliboyev ijodining asosiy xususiyati hayotga diqqat bilan qarash va oddiy voqealar zamiridan katta ma’no topishdir. Uning publitsistik maqolalarida inson taqdiri, milliy qadriyatlar, til, adabiyot, ma’naviyat va jamiyatdagi turli muammolar haqida jiddiy mulohazalar uchraydi. Muallif voqeani shunchaki bayon qilib qo‘ymaydi, balki uning mohiyatini ochishga, o‘quvchini fikrlashga undashga harakat qiladi. Shu jihatdan uning ijodi jurnalistika bilan adabiyot orasidagi o‘ziga xos bir ko‘prikni eslatadi.
Ahmadjon aka Meliboyev uchun so‘zning o‘ziga xos mas’uliyati bor. U til masalasiga hamisha jiddiy munosabatda bo‘lib, o‘zbek tilining nufuzi va sofligi uchun qayg‘urib kelgan. Uning ijodida tilga bo‘lgan hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat va jamiyat oldidagi mas’uliyat yaqqol seziladi. Bu qarash uning ijodkor sifatidagi fuqarolik pozitsiyasini ham ko‘rsatadi.
Adib qalamiga mansub asarlar orasida «Yolg‘iz yashab bo‘lmaydi», «Hushtakni kim chaladi?», «Torning cho‘michdan farqi», «Suvora sog‘inchi», «Qirq beshinchi bekat», «Qabohat to‘ri», «Rizq daraxti», «O‘zingni o‘zing boshla», «O‘zimdan o‘tganlari», «Yuz tahlil», «Jurnalistning til boyligi», «Siz yozmagan kitob» kabi publitsistik to‘plamlar bor. Bu asarlarda muallifning hayotga, insonga va jamiyatga nisbatan kuzatuvchanligi namoyon bo‘ladi.
Ahmadjon Meliboyev ijodida insonparvarlik ruhi ham kuchli. U turli insonlar, ijodkorlar va zamondoshlari haqida yozar ekan, ularning faqat mashhurligi yoki lavozimini emas, avvalo, inson sifatidagi qiyofasini ko‘rsatishga intiladi. Uning xotira va maqolalarida samimiylik, hayotiy kuzatuv va qalbga yaqin mulohazalar uyg‘unlashib ketadi.
Uzoq yillik ijodiy faoliyati davomida Ahmadjon Meliboyev jurnalist, publitsist, muharrir va ustoz sifatida ham tanildi. U adabiyot va jurnalistika rivojiga munosib hissa qo‘shib kelgan ijodkorlardan biridir. Uning qalamida hayot, adabiyot, inson va jamiyat haqidagi fikrlar uyg‘unlashib, o‘quvchini mushohadaga chorlaydi.
Ahmadjon Meliboyev so‘zni kasb emas, mas’uliyat deb bilgan jurnalist; hayotni kuzatibgina qolmay, uning ma’nosini anglashga intilgan publitsist; adabiyot va ma’naviyat masalalariga befarq bo‘lmagan ijodkor. Uning ijodiy merosi bizga bir haqiqatni eslatadi: haqiqiy qalam ahli zamon voqealarini yozibgina qolmaydi, balki insonni o‘ylashga, o‘zini anglashga va hayotga teranroq nazar tashlashga undaydi.
Ahmadjon Meliboyev Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro ilmiy akademiya a’zosi sifatida buyuk adib ijodiy merosini O‘zbekistonda ilmiy tadqiq etish va yoshlar o‘rtasida ommalashtirish ishlariga rahbarlik qilmoqda. Uning ikki xalq madaniyati, adabiyoti tutashligi haqidagi ma’ruzalari xalqaro ilmiy doiralarda muntazam e’tirof etib kelinadi. Ustoz jurnalistning ko‘pqirrali mehnatlari munosib ravishda taqdirlangan. Ustoz ijodkorimiz Vatanimizning orden va medallari, faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri