Muqimiy teatri 88-ijodiy mavsumini «Tongni kulib qarshi ol» spektakli bilan boshladi
O‘zbek milliy musiqali teatrining tamal toshini qo‘ygan, xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan qutlug‘ maskan – Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri o‘zining 88-ijodiy mavsumini rasman ochdi.
Yillar davomida klassik va zamonaviy asarlarni mahorat bilan sahnalashtirib kelayotgan mazkur san’at dargohi bu mavsumda ham muxlislariga unutilmas lahzalar, yangi premeralar va yuksak estetik zavq ulashishni maqsad qilgan.
Teatrning 88-ijodiy mavsumi ko‘p yillik an’analar va zamonaviylikning yuksak uyg‘unligi sifatida boshlandi. Mavsum ochilishi mamlakatimiz madaniy hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘lib, unda o‘zbek teatr san’atining sara namunalari, yuksak ijrochilik mahorati va o‘ziga xos musiqiy chiqishlar namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Qutlug‘ mavsum teatr jamoasi va muxlislar tomonidan intizorlik bilan kutilgan taniqli ijodkor Qo‘chqor Norqobil asari asosida rejissyor Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan «Tongni kulib qarshi ol» spektakli bilan boshlandi.

Spektakl mashhur sportchi, Olimpiya o‘yinlari chempioni, tarixda ilk bor o‘zbek ayollari orasida Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritgan Diyora Keldiyorova hayoti va uning shonli g‘alabasiga bag‘ishlangan.
Asar o‘zining teran falsafasi, hayotiy mashaqqatlar qarshisida inson irodasi, matonati va umid uchqunlarini mahorat bilan yoritishi bilan ajralib turadi. Sahna asari ilk daqiqalaridanoq tomoshabinlarni chuqur mushohadaga chorlab, hayot go‘zalligi va ertangi kunga ishonch tuyg‘usini baxsh etadi.
Spektaklning ilk namoyishida zalni to‘ldirgan muxlislarning gulduros qarsaklari yangi mavsumning mazmunli va muvaffaqiyatli o‘tishidan darak berdi.
Muqimiy teatri doimo xalqchil mavzular, insoniy tuyg‘ular va milliy qadriyatlarni tarannum etib kelgan. 88-ijodiy mavsum repertuaridan ham tomoshabinlar intizorlik bilan kutayotgan klassik asarlar, bugungi kunning dolzarb mavzularini qamrab olgan zamonaviy dramalar hamda sho‘x musiqali komediyalar o‘rin olgan.
Mavsum davomida xalqimiz sevib tomosha qiladigan, yillar davomida sayqal topgan asarlar yangicha rejissyorlik yondashuvi va zamonaviy sahna bezaklari bilan qayta taqdim etiladi. Shuningdek, bugungi kun qahramonlari, ularning orzu-intilishlari, oilaviy va ijtimoiy munosabatlari, jamiyatdagi o‘rni haqida hikoya qiluvchi yangi pesalar sahna yuzini ko‘radi.

Teatrning tajribali ustoz san’atkorlari bilan bir qatorda, yosh va umidli aktyorlar, bastakorlar hamda rejissyorlar o‘zlarining debyut ishlarini keng jamoatchilikka namoyish etadilar.
Teatr rahbariyati va ijodiy jamoasining ta’kidlashicha, 88-ijodiy mavsum faqat spektakllar namoyishidan iborat bo‘lib qolmaydi. Bu yil madaniy loyihalar ko‘lami yanada kengayishi rejalashtirilgan. Mavsum davomida tomoshabinlar va teatrshunoslar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, yoshlar bilan davra suhbatlari hamda teatr san’atini keng targ‘ib qilishga qaratilgan maxsus anjumanlar o‘tkaziladi.
Mazkur teatr o‘z an’analariga sodiq qolgan holda, har bir chiqishi orqali insonlar qalbiga ezgulik ulashishda davom etadi. Zero, Muqimiy teatrida har bir pardaning ochilishi yangi bir dunyo, yangi hissiyotlar va betakror ma’naviy ozuqa demakdir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri