Hokim tashabbusi bilan chop etildi
«Sirdaryoda biznes qiling» forumi doirasida o‘tkazilgan «Qovun sayli» va «Etno-folklor» festivalida viloyat hokimi tashabbusi bilan nashr etilgan mazkur kitob-albom sirdaryoliklar uchun nafaqat qovunchilikning tarixi, bugungi salohiyati va istiqbolini o‘zida mujassam etgan qimmatli nashr, balki O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Kitob-albom ikki tilda — o‘zbek, ingliz tillarida chop etildi. Ushbu nashr sirdaryoliklar va xorijiy mehmonlar tomonidan viloyatning qovunchilik salohiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qiladigan muhim manba sifatida e’tirof etildi.
Nashr viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning «O‘rgansak — hikmat, yaratsak — ibrat» nomli so‘zboshisi bilan boshlanadi. Unda Sirdaryo vohasining tabiiy-iqlim sharoiti, unumdor tuproqlari, suv va quyosh imkoniyatlari, qadimiy dehqonchilik an’analari hamda mirishkorlarning ko‘p yillik tajribasi uyg‘unligida yetishtirilayotgan shirin-shakar qovunlar haqida fikr yuritiladi.
Kitob sahifalarida Sirdaryo qovunlarining nav xususiyatlari, ta’mi, tashqi ko‘rinishi, yetishtirish va saqlash texnologiyalari haqida ilmiy-amaliy ma’lumotlar keltirilgan. Unda qovunchilikning faqat bugungi holati emas, balki sohaning shakllanishi, mahalliy navlarni asrash va kelgusi avlodga yetkazish masalalari ham yoritilgan.
Sirdaryo qovunining shuhrati esa bugun viloyat chegarasidan ancha uzoqlarga tarqalmoqda. Mahalliy dalalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar Germaniya, Avstriya, Latviya, Litva, Shvetsiya, Polsha, Belarus, Rossiya, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Demak, Sirdaryo qovuni nafaqat ichki bozorda xaridorini topayotgan, balki jahon bozorida ham o‘z o‘rniga ega bo‘layotgan agrar mahsulotlardan biriga aylanmoqda.

Biroq bu shirinlik ortida katta mehnat bor. Oqoltin, Mirzaobod, Boyovut va Sardoba tumanlarida qovunchilikning o‘ziga xos maktabi shakllangan. Bu hududlarda qovun yetishtirishni oilaviy kasb sifatida davom ettirib kelayotgan, uch-to‘rt avloddan buyon yerga urug‘ qadab, uning hosilini ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan dehqonlar bor.
Kitob-albomda ana shu insonlar mehnatiga ham alohida o‘rin berilgan. Viloyat hokimi so‘zboshisida Mirzaobod tumanining Toshkent mahallasida yashovchi aka-uka Ahmadjon va Anvarjon To‘rabekovlar haqida to‘xtalib, ular hatto Amerika Qo‘shma Shtatlariga borib, qovun ekish sirlarini xorijlik dehqonlarga o‘rgatib kelganini ta’kidlaydi.
Shuningdek, O‘rozboy Alimqulov, Haydarali Umirov, Mamadiyor Xo‘jamqulov, Abulosim Tangrov, Quchqor Botirov, Xudoyqul Toqayev kabi mirishkorlarning nomlari ham Sirdaryo qovunchiligi bilan chambarchas bog‘liq ekani qayd etilgan.
Sirdaryo qovunining betakror ta’mi, avvalo, vohaning issiq va quyoshli iqlimi, tuproq tarkibi, suv ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lsa, uning haqiqiy qiyofasini dehqonning tajribasi belgilaydi. Qaysi navni qachon ekish, suvni me’yorlash, parvarish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish — bularning har biri qovun sifatiga ta’sir ko‘rsatadi.
[gallery-31134]
Kitob-albomda Sirdaryoda yetishtiriladigan «Obi novvot», «Ko‘kcha», «Amri», «Chillaki», «Oq urug‘», «Shakarpalak», «Bo‘rikalla», «Kampirchopon», «Dahbedi», «Gulobi», «Sherozi», «Barginay», «Gurvak», «Mirzacho‘l qovuni» kabi navlar haqida ham ma’lumotlar berilgan.
Har bir navning o‘ziga xos ta’mi, hidi, tashqi ko‘rinishi va yetishtirish xususiyatlari bor. Shu bois ularni asrab-avaylash nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, balki mahalliy agrobiologik merosni kelgusi avlodlarga yetkazish nuqtai nazaridan ham muhim.
Nashrning yana bir qimmatli jihati — unda qovun yetishtirishdan tashqari, hosilni yig‘ish, saralash, qadoqlash va saqlash jarayonlariga ham e’tibor qaratilganidir. Shu jihatdan, kitob-albom dehqon va agronomlar, soha mutaxassislari, tadqiqotchilar uchun ham foydali manba bo‘lishi mumkin.
— Kitob-albomda qovunlarni yetishtirish bilan bir qatorda, hosilni yig‘ish, saralash, qadoqlash va saqlash texnologiyalari haqida ham ma’lumotlar berilgan. Unda Sirdaryoda yetishtiriladigan qovun navlari va ularning foydali xususiyatlari keng yoritilgan. Shu jihatdan, mazkur nashr qovun navlari va ularning agrotexnikasi bilan shug‘ullanuvchi dehqonlar, tadqiqotchilar va soha mutaxassislari uchun muhim qo‘llanma vazifasini o‘taydi, — deydi to‘plamni nashrga tayyorlagan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor Ravshanbek Mahmudov.
Kitob-albomdagi suratlar esa matnni yanada jonlantiradi. Sirdaryo dalalari, qovun ekilgan maydonlar, mirishkorlar mehnati, turli navdagi qovunlar va tayyor mahsulotlar tasviri kitobxonni voha bag‘riga yetaklaydi.
Festival ishtirokchisi, xitoylik mehmon Chjan Vey ham nashr haqidagi taassurotlarini bildirib:
— Kitob-albomda Sirdaryo qovunlari haqida juda ko‘p ma’lumot berilgan. Unda qovun yetishtiruvchi bobodehqonlar, viloyat dalalari va qovun ekilgan maydonlarni aks ettiruvchi ko‘plab suratlar o‘rin olgan. Ular kishini befarq qoldirmaydi. Ma’lumotlarning o‘zbek, ingliz tillarida chop etilgani kitob-albomni qayta-qayta mutolaa qilishga undaydi, — dedi.
Darhaqiqat, «Sirdaryo qovunlari» kitob-albomi bir mahsulot haqidagi ma’lumotlar jamlanmasi emas. Unda Sirdaryo zaminining tabiati, dehqonning mashaqqati, avlodlar tajribasi, mahalliy navlar tarixi va zamonaviy agrar imkoniyatlar bir butun manzarada aks etgan.
Uning ikki tilda nashr etilgani esa bu manzarani xalqaro auditoriyaga ochib beradi. Zero, Sirdaryoning shirin qovuni xorij bozorlariga chiqar ekan, uning ortidagi mehnat va tarixni ham dunyoga tanitish muhim. Shu ma’noda, «Sirdaryo qovunlari» — shirinlikka bitilgan kitob. Unda bir meva emas, bir vohaning mehnati, xotirasi, tajribasi va kelajakka intilishi jamlangan.
Eng muhimi, bu kitob-albom Sirdaryo qovunini shunchaki shirin mahsulot sifatida emas, hududning agrar salohiyati, milliy dehqonchilik merosi va dunyo bozoriga chiqib borayotgan o‘ziga xos brendi sifatida namoyon etadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA