Namanganda o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari muhokama etildi
Davlatobod tumanidagi “Atour” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Namangan viloyatidagi umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik hamda ta’lim tizimida yil davomida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Hozirgi kunda viloyatdagi 790 ta maktabda 566 mingdan ziyod yoshga 41 mingdan ziyod muallimlar ta’lim-tarbiya bermoqda. Oliy toifali pedagoglar 2017 yildagi 834 nafardan 6 ming 222 nafarga, ya’ni 7,5 barobarga oshdi.

Matbuot anjumanida tizimida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan ma’lumot berildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda ta’limga munosabat tubdan o‘zgardi. Birgina Namanganda so‘nggi 10 yilda 707 ta ta’lim muassasasida 2,1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ hisobidan qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
2025-2026 o‘quv yilida viloyat o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda ikki oltin, besh kumush va 10 bronza Namangan farzandlariga nasib etdi. 4 ming 662 nafar o‘quvchi chet tili bo‘yicha xalqaro sertifikat oldi. 20 nafar o‘quvchi “IELTS”dan sakkiz ballik natija ko‘rsatdi. O‘tgan o‘quv yilida maktabni bitirgan 4 ming 283 nafar bitiruvchi muddatidan avval oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘ldi.

O‘tgan o‘quv yilida barcha turdagi maktablarda 566 mingdan ortiq o‘quvchilarga 41 ming 77 pedagog ta’lim-tarbiya berdi. Yangi – 2026/2027 o‘quv yilida esa o‘quvchilar soni 576 ming 629 nafarga yetishi kutilmoqda. Bu amaldagi ko‘rsatkichga nisbatan 10,6 ming nafarga ko‘p demak. Yangi o‘quv yilida birinchi sinfga 70 ming 838 nafar bola qabul qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar 66 ming 560 bola maktablarga qabul qilingan. Jajji o‘quvchilar “Prezident sovg‘alari” bilan to‘liq qamrab olinadi.

Matbuot anjumanida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi autsorsing tizimi, ilm maskanlariga integratsiya qilingan Yaponiya tajribasi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, darsliklar kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, endilikda ta’limda faqat bino yoki qamrov haqida emas, sifat va tarbiya haqida chuqur o‘ylash kerak. Chunki zamonaviy maktabning vazifasi faqat yaxshi baho oladigan o‘quvchini emas, mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, intizomli, Vatan taqdiriga daxldor insonni tarbiyalashdir.
– Yurtimizga kelgan yaponiyalik ekspert-pedagog Goto Mikako xonim bevosita namanganlik ustozlar bilan ishlamoqda. Shu yil iyul oyida 25 nafar o‘qituvchimiz Yaponiyada bo‘lib, maktabdagi intizom, jamoaviy mas’uliyat, tozalik madaniyati va ustoz-o‘quvchi munosabatlarini o‘rganib qaytdi, – deydi Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isoqov. – Biz aynan yapon tajribasi asosida milliy qadriyatlarimiz va o‘zbekona maktab an’anasi bilan uyg‘unlashtirgan holda, “Namangan ta’lim va tarbiya modeli”ni shakllantiramiz. Bu jarayonda ustozlar tashabbusi va tajribasiga tayanamiz.
Muloqotda shuningdek, ilm maskanlarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati, o‘quvchilarni darslik bilan ta’minlash, maktab hududlarida favqulodda vaziyatlar holatida harakatlanish, ayrim ilm maskanlarida koeffitsiyent o‘rniga nisbatan o‘quvchilar sonining ko‘pligi kabi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Anjuman davomida jurnalist hamda blogerlar tomonidan tizimdagi dolzarb masalalar yuzasidan savollar berilib, mutaxassislar tomonidan ularga javoblar qaytarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri