Hisobot emas, xalq roziligi asosiy mezon bo‘lishi kerak
Raqamlar chiroyli ko‘rinishi mumkin. Hisobotlarda barcha vazifalar o‘z vaqtida bajarilgandek ham tuyuladi. Ammo odamlar hayotida o‘zgarish bo‘lmasa, hujjatlardagi “bajarildi” degan qaydning o‘zi hech qanday qiymat kasb etmaydi. Jizzax viloyatida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda aynan shu masalaga ustuvor e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ijro intizomini ta’minlash, Prezident va hukumat topshiriqlari ijrosini tanqidiy tahlil qilish hamda rahbarlar shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish masalalari muhokama etildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, hududiy tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda bir haqiqat yana bir bor ochiq aytildi: davlat boshqaruvida ijro intizomi — oddiy rasmiyatchilik emas, xalq ishonchini mustahkamlaydigan eng muhim omildir. Chunki Prezident va Hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, avvalo, inson manfaatini ta’minlash, hududlarni rivojlantirish va aholining turmush sifatini yuksaltirishga xizmat qilishi lozim. Buning uchun esa har bir topshiriq qog‘ozda emas, amalda o‘z ifodasini topishi shart.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida davlatimiz rahbari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda viloyat hokimi tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi muntazam monitoring qilindi. Bu davrda atigi bitta topshiriq ijrosida kechikishga yo‘l qo‘yilgan. Bir qarashda bu ijobiy ko‘rsatkichdek tuyuladi. Ammo yig‘ilishda raqamlar ortidagi haqiqiy ahvol tahlil qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayrim topshiriqlar axborot tizimlarida “bajarildi” deb belgilangan bo‘lsa-da, aholi kutayotgan natija joylarda hali to‘liq sezilmagan. Demak, elektron tizimdagi belgilar bilan insonlarning kundalik hayoti o‘rtasida hali ham muayyan tafovut mavjud. Endi esa ana shu farqqa barham berish bosh vazifa etib belgilandi. Bundan buyon har bir ijro hujjatdagi hisobot bilan emas, odamlar hayotida qanday o‘zgarish yuz bergani, fuqarolarning roziligi va amaliy samara bilan baholanadi.

Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishga qaratilgan beshta muhim hujjat ijrosi ham sinchiklab tahlil qilindi. Ularda nazarda tutilgan 294 ta topshiriqdan 125 tasining ijro muddati yakunlangan. Biroq ularning bor-yo‘g‘i 42 tasi to‘liq bajarilgan, xolos. 78 ta topshiriqning muddati yetib kelgan bo‘lsa-da, hali ham “bajarilmoqda” toifasida qolmoqda. Yana 5 ta topshiriq umuman bajarilmaganini qanday baholash mumkin? Bu raqamlar ayrim rahbarlar ish uslubini jiddiy qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmaydimi?
Tahlillar qurilish, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, ijtimoiy soha va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlarda ham muammolar saqlanib qolayotganini ochiq ko‘rsatdi. Ayrim infratuzilma ob’ektlarini ta’mirlash ishlari kechikkan, yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish belgilangan muddatlarda yakunlanmagan, baliqchilik loyihalarini amalga oshirish, investitsiya dasturlari hamda renovatsiya ishlarida ham mas’uliyat talab darajasida bo‘lmagani keskin tanqid qilindi.
Prezident tashrifi davomida shahar va tumanlarga biriktirilgan vazirliklar, idoralar hamda tijorat banklari bilan hamkorlik samaradorligi ham alohida muhokama qilindi. Mas’ullardan har bir imkoniyatni ishga solish, yirik investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish va eng muhimi, ularning natijasini odamlar hayotida namoyon etish talab etildi.
Yig‘ilishda endi har bir topshiriqning ijrosi kabinetlardagi ma’lumotlar bilan emas, bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganilishi qayd etildi. Qaysi ob’ekt foydalanishga topshirildi? Qaysi muammo hal etildi? Qaysi mahallada odamlar bu o‘zgarishni his qildi? Ana shu savollar rahbar faoliyatiga beriladigan asosiy baho mezoniga aylanadi.
Yig‘ilish yakunida barcha rahbarlarga ish uslubini tubdan o‘zgartirish, ijro intizomini mustahkamlash va har bir topshiriqning to‘liq hamda sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi. Shuningdek, iyul oyida Jizzax viloyati hokimligi mas’ulligidagi topshiriqlar ijrosini tasdiqlangan grafik asosida ta’minlash, har oy yuqori ijro ko‘rsatkichlariga erishish vazifasi belgilab berildi.
Yig‘ilishning eng muhim xulosasi esa bitta g‘oyada mujassam bo‘ldi: rahbarning haqiqiy bahosi hisobotdagi raqamlar emas, odamlar hayotidagi o‘zgarishdir. Agar fuqaro o‘z muammosiga yechim topgan bo‘lsa, ertangi kuniga ishonchi ortgan bo‘lsa, bu — ijro intizomining eng xolis bahosi bo‘ladi. Zero, xalq roziligi ta’minlangan joydagina islohotlar o‘zining haqiqiy samarasini beradi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri