Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor
Bu kasb men uchun oddiy ish emas, balki yuksak insoniy burch va mas’uliyatdir. Ijtimoiy xodim sifatida faoliyatim davomida insonlarning dardini tinglash, ularning muammolariga yechim topish, eng muhimi, qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga harakat qilaman. Men uchun har bir ijobiy hal etilgan murojaat, har bir quvonchli oila taqdiri mehnatimning eng katta natijasidir.
Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi " Bunyodkor mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi asosida aholi bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Mahallada 1 279 ta oila, 1 103 ta xonadon mavjud bo‘lib, 68 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qiladi. Asosiy vazifamiz ehtiyojmand oilalarni erta aniqlash, ularning hayotiy vaziyatini baholash va individual reja asosida zarur xizmatlarni tashkil etishdan iborat.

Yil boshidan buyon mahallada 120 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning 80 foizdan ziyodi ijobiy hal etildi. Bu raqamlar ortida esa inson taqdiri, oila dardi va ularning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar mujassam.
Faoliyatim davomida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ko‘plab oilalar bilan ishlashga to‘g‘ri keladi. Ana shunday oilalardan biri Ulubulsin Suyunova oilasidir. To‘rt nafar farzandni tarbiyalayotgan bu oila bir necha yil davomida turmush o‘rtog‘ining og‘ir kasalligi sabab katta qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Shu davrda oilaning ijtimoiy ahvoli murakkablashgan edi.
Oilaning ehtiyojlarini o‘rganib, ularga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish rejasi ishlab chiqildi. Homiylar ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan dori-darmon va moddiy yordam ajratildi. “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida Ulubulsin Suyunova turmush o‘rtog‘iga qarab turuvchi sifatida rasmiy ishga qabul qilinib, oylik ish haqi bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, Bekobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda hamkor tashkilotlar ko‘magida fuqaro Rahmat Suyunovning tizza bo‘g‘imida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bugungi kunda u sog‘lig‘ini tiklash yo‘lida davolanmoqda, farzandlari esa ta’lim olishda davom etyapti. Aynan bu misol yana bir haqiqatni tasdiqlaydi: ijtimoiy xizmat faqat moddiy yordam berish emas, insonni tinglash, uning ehtiyojini anglash, davlat idoralari, tibbiyot muassasalari, homiylar va jamoatchilikni bir maqsad yo‘lida birlashtirish demakdir.
Mening fikrimcha, har bir ijtimoiy xodimning asosiy vazifasi insonni og‘ir vaziyatda yolg‘iz qoldirmaslikdir. Chunki o‘z vaqtida ko‘rsatilgan ko‘mak bir oilaning emas, butun jamiyatning kelajagiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, profilaktik yondashuvni kuchaytirish va mahalla darajasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali yanada ko‘proq insonlarning hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish mumkin.
Nafisa Ermatova,
Bekobod tumani Bunyodkor mahallasida
kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim,
O‘zA.