“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi o‘tkazilmoqda
Ba’zan biz oddiy deb o‘ylaydigan kasblar hayotimizda muhim ahamiyatga ega ekani xayolimizga ham kelmaydi. Aslida kasblarning katta-kichigi bo‘lmaydi. Zero, har bir kasb hayotimiz yanada farovon, go‘zal, osuda, barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi 152-son qarori bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum o‘quvchilari, yoshlar, talabalar hamda band bo‘lmagan aholi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
Shu kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida ushbu tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» kasbiy mahorat milliy tanlovining Respublika bosqichiga sartaroshlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter grafikasi yo‘nalishlari bo‘yicha start berildi.
Tanlov starti Toshkent ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi binosida sartaroshlik yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etildi.
Respublika bosqichida ishtirok etayotgan nomzodlar — ushbu kasblar yo‘nalishi bo‘yicha tuman (shahar) va hududiy (viloyat) bosqichlarida yuqori natija ko‘rsatgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan eng layoqatli yoshlardir. Ularning har birini tanlovga tayyorlagan amaliyot ustozlari ham musobaqa davomida faol ishtirok etadi.
Tanlov 10 kasb yo‘nalishi bo‘yicha Respublikaning 4 ta hududida parallel ravishda o‘tkazilyapti. Xususan, Samarqandda электромонtaж, payvandlash texnologiyasi, santexnika hamda moda texnologiyalari yo‘nalishlari, Buxoroda quruq qurilish va suvoq ishlari hamda oshpazlk yo‘nalishlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari «WorldSkills» xalqaro standartlari asosida baholash metodikasiga ega bo‘lgan malakali ekspertlar tomonidan baholanadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha baholash jarayonining adolatliligini ta’minlash maqsadida alohida apellyatsiya komissiyasi ham tashkil etilgan.
Nizomga muvofiq, tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari va ularga biriktirilgan amaliyot ustozlari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Bundan tashqari, respublika bosqichi g‘oliblariga «WorldSkills International» tashkilotining xalqaro chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etish huquqi beriladi.
[gallery-30442]
Tadbir tashkilotchilari taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bosqichi g‘oliblariga berilgan imkoniyat bo‘yicha «WorldSkills» xalqaro chempionatida qatnashib g‘olib bo‘lgan o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravari, ya’ni 1 milliard 30 million so‘m miqdorida, uning amaliyot ustoziga esa 450 baravari, ya’ni 185 million 400 ming so‘m miqdorida pul mukofoti taqdim etilishi belgilangan.
«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» kasbiy mahorat milliy tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘rta bo‘g‘in kadrlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda tanlov g‘oliblari va ishtirokchilarining ichki va tashqi mehnat bozorida yuqori daromadli ish o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatini kengaytirishni maqsad qilgan.
N.Usmonova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari