Noqonuniy dori va tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi
Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan byuroning Yangi Namangan tumani bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatlari asosida mamlakatimiz hududiga noqonuniy ravishda olib kirilgan hamda muomalasiga chek qo‘yilgan dori vositalari va tamaki mahsulotlari belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Jumladan, viloyat bojxona boshqarmasi aniqlagan holatlar yuzasidan yurtimizga aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan, muomalaga chiqarilishi taqiqlangan to‘rt turdagi dori vositalari yo‘q qilish uchun belgilangan tartibda qabul qilindi. Ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 119,3 million so‘mni tashkil etdi.

Bundan tashqari, ijro hujjatlariga asosan umumiy qiymati 109,7 million so‘m bo‘lgan “Milano” va “Oris” rusumli 8 ming quti tamaki mahsulotlari ham maxsus tartib asosida yo‘q qilindi. Mazkur jarayon vakolatli tashkilotlar va mas’ul mutasaddilar ishtirokida amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etildi.

Bu kabi chora-tadbirlar aholi salomatligini muhofaza qilish, iste’mol bozoriga sifatsiz hamda noqonuniy mahsulotlarning kirib kelishining oldini olish, qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Majburiy ijro byurosining amaldagi hujjatlar talablarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash borasida tizimli ishlari izchil davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.