Guychjoudagi fotofestival: tabiat, inson va madaniyat uyg‘unligi
Xitoyning Guychjou provinsiyasida tabiat, inson va zamonaviy hayot uyg‘unligini aks ettirgan xalqaro fotofestival boshlandi.
28-sentabr kuni Syannan-Buy-Myao avtonom okrugining Libo uyezdi Xunszyan qishlog‘ida “Rang-barang Guychjou – 2026” 19-Xitoy xalqaro tabiat fotoko‘rgazmasi va ilk “Rang-barang Guychjou” lend-art san’ati mavsumi ochildi.
Bu yilgi fotofestival “Guychjoudagi hayot: yorug‘lik va soyalar uyg‘unligi” mavzusiga bag‘ishlangan. Unda viloyatning betakror tabiati va manzaralari bilan bir qatorda aholining kundalik hayoti, madaniy an’analari, sayyohlarning taassurotlari ham fotosuratlar orqali namoyon etilgan. Onlayn va oflayn formatlarda mingdan ortiq fotosurat va fototurkumlar namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmaning yana bir o‘ziga xos jihati – an’anaviy ekspozitsiya maydonidan voz kechilib, Xunszyan qishlog‘ining o‘zi san’at maydoniga aylangan. Fotosuratlar qadimiy uylar devorlari, hovlilar va ochiq galereyalarga joylashtirilgan. Shu tariqa tabiat, qishloq hayoti va san’at bir makonda uyg‘unlashgan.
Fotofestival xalqaro madaniy muloqot uchun ham muhim maydonga aylanmoqda. Unda Fransiya, Italiya kabi davlatlardan ijodkorlar ishtirok etmoqda. Bu yil ilk bor “Mushtarak Ipak yo‘li shu’lasi” – Markaziy osiyodan taklif etilgan fotoasarlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Markaziy osiyoning boshqa davlatlaridan fotografik tashkilotlar hamda fotograflar ishtirok etmoqda.
Mazkur tashabbus Guychjou va Markaziy osiyo mamlakatlari o‘rtasida fotografiya vositasida madaniy-gumanitar muloqotni kengaytirishga qaratilgan. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, ko‘rgazma doirasidagi ayrim loyihalar keyinchalik xorijda ham namoyish etiladi. Jumladan, Qirg‘izistonda sayyor ko‘rgazma o‘tkazish rejalashtirilgan.

Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligi matbuot xizmati rahbari Elmira Jumagulovna Guychjou va Qirg‘izistonni tog‘lar, boy tabiat, tarix va an’analarga hurmat kabi mushtarak jihatlar birlashtirishini ta’kidladi. U fotografiyani mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlovchi o‘ziga xos ko‘prik sifatida baholadi.
Guychjoudagi mazkur fotofestival shu tariqa nafaqat san’at asarlarini namoyish etish, balki turli mamlakatlar xalqlari o‘rtasida madaniy muloqotni rivojlantirishga xizmat qilayotgan xalqaro maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA