Grant tanlovlari — ijtimoiy loyihalarni röyobga çiqarişning muhim vositasi
Milliy matbuot markazida Özbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qöllab-quvvatlaş jamoat fondi, Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi hamda Özbekiston Respublikasi Içki işlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarşi kuraşiş departamenti hamkorligida «Ijtimoiy loyihalarni amalga oşirişda grant tanlovlarining ahamiyati» mavzusida seminar taşkil etildi.
Unda jurnalistlar, şuningdek, ekologiya, xotin-qizlar, maʼnaviy-maʼrifiy va huquqiy tarğibot yönalişlarida respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat taşkilotlari vakillari iştirok etdi.
Seminardan közlangan asosiy maqsad Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uçun eʼlon qilingan uçinçi davlat granti tanlovida faol iştirok etişni rağbatlantiriş, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni işlab çiqiş va ularni samarali amalga oşiriş böyiça amaliy bilim va könikmalarni şakllantirişdan iborat böldi.
Tadbirni Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi raisining örinbosari Dilşod Böriyev kiriş sözi bilan oçib, ijtimoiy muammolarni hal etiş, aholi manfaatlarini himoya qiliş va jamiyatdagi dolzarb masalalarga yeçim topişda nodavlat notijorat taşkilotlari hamda ommaviy axborot vositalarining örni muhim ekanini taʼkidladi.

Seminar davomida Jamoat fondining Tanlovlarni tahlil qiliş, texnik baholaş va muvofiqlaştiriş bölimi boşliği Umida Xalbekova «Loyihalar samaradorligini taʼminlaşda qöyiladigan talablar» mavzusida maʼruza qildi.
Unda grant tanlovlarida iştirok etiş tartibi, loyiha takliflarini belgilangan talablar asosida işlab çiqiş, ularning maqsad va vazifalarini aniq belgilaş, kutilayotgan natijalarni asoslaş hamda loyihalar samaradorligini baholaş mezonlari xususida maʼlumot berildi.
Tadbirning yana bir muhim yönalişi aholining kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltiriş, internet firibgarligining oldini oliş va raqamli muhitda şaxsiy maʼlumotlarni himoya qiliş masalalariga bağişlandi.

Özbekiston Respublikasi Içki işlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarşi kuraşiş departamenti podpolkovnigi Şirin Normatova «Aholining kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltiriş, internet firibgarligining oldini oliş va raqamli muhitda şaxsiy maʼlumotlarni himoya qiliş könikmalarini şakllantirişda nodavlat notijorat taşkilotlari bilan hamkorlik» mavzusida maʼruza qildi.
Maʼruzada raqamli makonda uçrayotgan tahdid va xavf-xatarlar, internet firibgarligidan himoyalaniş, şaxsiy maʼlumotlar daxlsizligini taʼminlaşda aholining huquqiy va raqamli savodxonligini oşiriş masalalariga eʼtibor qaratildi. Bu borada nodavlat notijorat taşkilotlari bilan hamkorlikni kengaytiriş, aholi örtasida profilaktik va tarğibot tadbirlarini tizimli taşkil etişning ahamiyati qayd etildi.
Şuningdek, seminar iştirokçilari eʼtiboriga Jamoat fondi tomonidan tavsiya etilgan videorolik namoyiş etildi.
Tadbirning amaliy qismida Jamoat fondining Toşkent şahar bölinmasi rahbari Hayotxon Qöçqorova «Maqsadli loyihalarni amalga oşirişda platformadan foydalaniş: loyihalarni aniq va talablar asosida tayyorlaş» mavzusida taqdimot ötkazdi.
Unda grant tanlovlarida iştirok etiş uçun elektron platforma imkoniyatlaridan foydalaniş, loyiha hujjatlarini töğri va belgilangan tartibda rasmiylaştiriş, zarur maʼlumotlarni kiritiş hamda takliflarni tanlov talablariga muvofiq tayyorlaş böyiça amaliy tuşuntirişlar berildi.
Taʼkidlaş joizki, bunday seminarlar fuqarolik jamiyati institutlarining loyihaviy faoliyatini rivojlantiriş, ularning grant mablağlaridan samarali foydalaniş salohiyatini oşiriş, şuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik taşabbuslarni qöllab-quvvatlaşda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova,
ÖzA