G‘oliblar aniqlandi
Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasida aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha O‘zbekiston chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi, Andijon viloyati hokimligi, sport boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan mamlakat chempionati musobaqalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va respublikamizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan U-15, U-17, U-20 yosh toifasidagi sportchilar ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.

Aralash jang san’atlari (MMA) sport turini targ‘ib etish, ommalashtirish va yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqalar ochilishida Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Fazliddin Berdiyev, O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi ijrochi direktori Murodxon To‘rayev, Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov sportchilarni muborakbod etib, ularga omad tiladi.

Qiziqarli va murosasiz bahslarda bir necha kun davom etgan chempionat musobaqalari qatnashchilari o‘zlarining mahorat, jismoniy va ruhiy chidamliklarini namoyish etdi.
Chempionat o‘yinlarining yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon viloyati vakillari umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Musobaqada ikkinchi o‘rin Toshkent shahri jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Navoiy viloyati sportchilariga nasib etdi.
Mamlakat chempionati g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, O‘zA