Gender tenglikka erishish strategiyasi qanday bajarilmoqda?
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida dasturda belgilangan vazifalarning bajarilish holati mas’ul tashkilotlar kesimida atroflicha ko‘rib chiqilib, amalga oshirilgan ishlarning amaliy natijalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, ommaviy axborot vositalarida gender stereotiplaridan xoli obrazlarni shakllantirish, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, davlat xaridlariga gender mezonlarini joriy etish hamda rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushini ko‘paytirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Raqamli zo‘ravonlikning oldini olish, ota-onalarning bola parvarishidagi teng mas’uliyatini rag‘batlantirish, oilaga yo‘naltirilgan mehnat siyosatini joriy etish, xotin-qizlarning raqamli savodxonligini oshirish, ularni ilm-fan, startaplar, sport va axborot texnologiyalari sohalariga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Dastur doirasida xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning ta’lim olishi, raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, rahbarlik salohiyatini yuksaltirish hamda gender tenglik tamoyillarini davlat boshqaruvi amaliyotiga keng joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Dastur ijrosi doirasida muayyan ijobiy natijalarga erishilganiga qaramay, ayrim yo‘nalishlarda vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, ishlab chiqilayotgan takliflarni yakuniy bosqichga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat xaridlari jarayonlariga gender tenglik mezonlarini integratsiya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish, ommaviy axborot vositalarida gender stereotiplaridan xoli obrazlarni shakllantirishga qaratilgan huquqiy asoslarni takomillashtirish hamda gender masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Majlis yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirishga qaratilgan qo‘mita qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA