Surxondaryoda “Jajji nurli yulduzlar” aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Jajji nurli yulduzlar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi.
Termiz shahridagi 26-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan tanlovda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jamoalari ishtirok etdi.
Kichkintoylar qo‘shiq, raqs, sahna ko‘rinishlari va folklor namunalari orqali o‘z iste’dodlarini namoyon etdi. Chiqishlarda milliy urf-odatlar, qadriyatlar va xalq ijodiyoti namunalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ko‘rik-tanlovda ishtirokchilarning ijodiy yondashuvi, sahna madaniyati, jamoaviy chiqish mahorati, milliy an’analarni badiiy ifodalashi va ijro mahorati hakamlar tomonidan baholandi.
[gallery-30822]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 30-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “Surxon yulduzlari” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Boysun tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “Alpomish avlodlari” jamoasi ikkinchi, Muzrabot tumanidagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “Ko‘zmunchoq” jamoasi uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tanlov bolajonlarning ijodiy qobiliyati va iste’dodini namoyon etish, ularni rag‘batlantirish, shuningdek, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA