Tibbiy chiqindilar maishiy chiqindilarga aralashtirilmoqda: Toshkentda qoidabuzarliklar aniqlandi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tibbiy chiqindilarning qariyb 15 foizi xavfli hisoblanadi.
Ular tarkibida infeksiya tarqatuvchi mikroorganizmlar, kimyoviy moddalar va boshqa xavfli komponentlar bo‘lishi mumkin. Xususan, tibbiy chiqindilarni noto‘g‘ri saqlash, tashish va utilizatsiya qilish nafaqat ekologik muammo, balki inson salomatligi uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli bunday chiqindilarni belgilangan talablar asosida yig‘ish, saqlash, tashish va zararsizlantirish muhim ahamiyatga ega.
Ammo Toshkent shahrida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ayrim tibbiyot muassasalarida xavfli chiqindilar maishiy chiqindilarga aralashtirilib, poligonlar va belgilanmagan joylarga tashlangani aniqlandi. Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Toshkent shahrida tibbiy chiqindilar bilan bog‘liq holatlar o‘rganildi.
Qayd etish lozimki, AQSHning “SAYAR LLC” kompaniyasi ishtirokida “Sayar green” xorijiy korxonasi tashkil etilgan. Umumiy qiymati 115 million AQSH dollari bo‘lgan investitsiya loyihasi doirasida tibbiy chiqindilarni zararsizlantirish bo‘yicha zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. Biroq amalda mazkur mexanizm to‘liq quvvatda ishlamayapti. Bunga ayrim tibbiyot muassasalarida hosil bo‘layotgan xavfli chiqindilarning investorga belgilangan tartibda yetkazib berilmayotgani sabab bo‘lmoqda.
Masalan, Toshkent shahrida o‘rnatilgan 2 ta uskunaning umumiy kunlik quvvati 12 tonnani tashkil etadi. Ammo amalda ularga bir kunda atigi 3 tonna tibbiy chiqindi yetkazib berilmoqda. Ya’ni uskunalar o‘z quvvatining bor-yo‘g‘i 25 foizida ishlamoqda.
Maxsus komissiya tomonidan 2026-yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan o‘rganishlarda Toshkent shahrida jami 3 239,05 kub metr tibbiy chiqindi olib chiqilgani aniqlangan. 16-sonli klinik shifoxona — 1 795,40 kub metr, 3-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi — 445,44 kub metr, Virusologiya ITI klinikasi — 382 kub metr bo‘lib, eng ko‘p tibbiy chiqindi hosil qilgan muassasalar ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Respublika bolalar ftiziatriya va tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi, Dermatovenerologiya va kosmetologiya markazining Toshkent shahri filiali, 1-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Teri-tanosil kasalliklari shifoxonasida tibbiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilmagani aniqlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tibbiy chiqindilarni oddiy maishiy chiqindilar qatorida tashlash infeksiya tarqalishi, odamlarning zaharlanishi va atrof-muhitning ifloslanishi kabi xavflarni yuzaga keltirishi mumkin.
Aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, Respublika maxsus komissiyasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tibbiy chiqindilar bilan ishlashdagi qonunbuzilishlarni aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari respublika bo‘ylab davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA