G‘afur G‘ulom uy-muzeyidan fotoreportaj
Boy tariximiz hamda buyuk ajdodlarimiz haqida hikoya qiluvchi “Moziyga qaytib...” loyihamizning navbatdagi soni buyuk iste’dod sohibi, o‘zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan zabardast ijodkor, xalq shoiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi G‘afur G‘ulom uy-muzeyidan tayyorlandi.
G‘afur G‘ulom 1903 yilning 10 may kuni Toshkent shahrining Qo‘rg‘ontegi mahallasida tug‘ilgan. Onasi Toshbibi Shoyusuf qizi o‘zbek, tojik adabiyotidan baxabar, zehnli ayol bo‘lgan. Otasi G‘ulom Mirzo Orif o‘g‘li o‘z davrining yetuk savodxon kishilaridan edi. Shahar ahliga arizalar, turli ma’lumotnomalar yozishda yordam bergani bois, uning ismiga “Mirzo” unvoni qo‘shilgan. U kishi adabiyotga nihoyatda qiziqqan bo‘lib, “G‘ulom” va “Mirzo” taxalluslari bilan ijod qilgan. Ushbu xonadonga Muqimiy, Furqat, Xislat, Toshxo‘ja Asiriy kabi shoirlar tez-tez tashrif buyurgan.
[gallery-21756]
G‘afur G‘ulom 9 yoshida otasidan, 12 yoshida onasidan yetim qolgan. Yoshligida o‘z mahallasidagi Hasanboy domlaning eski maktabida o‘qigan. So‘ng ma’lum muddat Toshkentdagi Tillashayx madrasasida tahsil olgan, arab, fors-tojik tillarini mukammal o‘rgangan. 1919 yil Bodak mahallasidagi “Cho‘lpon” nomli maktabga o‘qituvchi etib tayinlanadi. 1924 yilda “Hayot” maktabiga, keyinchalik, “Umid” musiqa bilim yurtida faoliyatini davom ettiradi. 1926 yilda 3-boqimsiz bolalar uyiga mudir etib tayinlanadi. Ayni paytda 7 yillik “Urfon” maktabida mudirlik vazifasini ham bajargan.
1923 yilda G‘afur G‘ulom o‘zining ilk she’ri – “Feliks bolalari”ni yozadi. Bu she’r o‘sha davrdagi yetim bolalarga bag‘ishlangan.
G‘afur G‘ulom keyinchalik “Mushtum”, “Sharq haqiqati” kabi gazeta va jurnallar tahririyatlarida ishlagan, ko‘plab ocherk, maqolalar yozgan. Navoiy, Fuzuliy, Ganjaviy, Nizomiy, Lutfiy, Mashrab, Bedil, Muqimiy, Furqat, Avaz O‘tar, Hamzalarni o‘ziga ma’naviy ustoz deb bilgan, ular haqida ilmiy maqolalar yozgan. U nafaqat shoir, nosir, publitsist sifatida, balki yetuk adabiyotshunos olim sifatida ham tanilgan.
Adibning “Dinamo”, “Yigit”, “Egalari egallaganda”, “Xitoydan lavhalar”, “Sizga”, “Chashma”, “O‘zbek elining g‘ururi”, “Sharaf qo‘lyozmasi”, “Tanlangan asarlar” kabi she’riy to‘plam va dostonlari, “Jo‘rabo‘za” hikoyalar to‘plami, “Muxbir sudi” pesasi nashr etilgan. Ayniqsa, “Yodgor”, “Shum bola”, “Netay”, “Yigit” kabi kabi qissa va hikoyalari ko‘pchilikka yaxshi tanish. Asarlari asosida teatr spektakllari va kinofilmlar yaratilgan. Shuningdek, serqirra ijodkor Shekspirning “Otello”, “Qirol Lir” asarlarini, Nozim Hikmatning “Bir sevgi afsonasi”, Shayx Sa’diyning “Guliston” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Xalqning suyukli shoiri G‘afur G‘ulom 1966 yil 10 iyul kuni vafot etgan.
Poytaxtimizning Chilonzor tumani Arpapoya ko‘chasi 1-uyda G‘afur G‘ulomning uy-muzeyi joylashgan. Adib ushbu manzilda 1944–1966 yillarda yashab ijod etgan. Muzey memorial va ekspozitsiya qismlaridan iborat.
1983 yilning oktyabr oyidan boshlab uy-muzey ziyoratchilarni qabul qila boshlagan. Tarixiy bino to‘laligacha yodgorlik xonalari, ya’ni, shoir ijodxonasi, dam olish xonasi, kutubxona, mehmonxona, yotoqxona, bolalar xonasidan iborat. Undagi buyumlar G‘afur G‘ulom hayotligi davrida qanday bo‘lsa, shu holda saqlanmoqda.
Muzey ekspozitsiyasi va fondi G‘afur G‘ulomning shaxsiy buyumlari, kitoblar, qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, fotosuratlar va negativlar, grafik va moybo‘yoq suratlar, asarlariga ishlangan illyustratsiyalar, xat va telegrammalar, orden va medallar, san’at asarlari, haykallar, qo‘lyozmalar, antiqa buyumlar, musiqa asboblari, mebellar, shoir ovozi yozilgan magnit tasmalari, hujjatli va badiiy filmlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va turli sovg‘alarni tashkil etadi. Bu yerda jami 11 mingdan ortiq eksponat jamlangan.
1983 yilda uy-muzey hovlisiga haykaltarosh Shapiro Yakov tomonidan ishlangan G‘afur G‘ulom siymosi aks ettirilgan haykal o‘rnatilgan.
G‘afur G‘ulomning 100 yillik yubileyi munosabati bilan 2003 yilda adibning qizi, muzey direktori Olmos Ahmedova tashabbusi bilan uy-muzeyning ekspozitsiya binosi, ya’ni badiiy qismi qurib, foydalanishga topshirildi. Undagi mavjud “Fafur Fulomning bolalik va o‘smirlik yillari”, “Fafur Fulomning nasriy ijodi”, “Fafur Fulom mohir tarjimon”, “Fafur Fulom otashin publitsist”, “Fafur Fulom she’riyati”, “G‘afur G‘ulom – akademik”, “G‘afur G‘ulom ijodi Ikkinchi jahon urushi yillarida”, “O‘zbekni dunyoga tanitgan shoir”, “G‘afur G‘ulom ijodi adabiyotshunoslikda”, “G‘afur G‘ulom va mustaqil O‘zbekiston” bo‘limlarda shoir hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi adabiy-badiiy ekspozitsiya joylashgan.
“Moziyga qaytib...” loyihasining avvalgi sonlarida uzatilgan fotoreportajlarni qo‘yidagi havolalar (https://uza.uz/posts/584824), (https://uza.uz/posts/591857), (https://uza.uz/posts/598274), (https://uza.uz/posts/17760), (https://uza.uz/posts/674379) orqali ko‘rishingiz mumkin.
Kamola Yusupova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA