Fanlar akademiyasida ekologiya va Orolbo‘yi masalalari
O‘zbekistonda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, ekologiya, suv resurlari va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari nafaqat ilmiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari doirasida mazkur masalalarga e’tibor qaratdi.
Xizmat safari doirasida O‘ktam Salomov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limida bo‘lib, mazkur muassasaning ilmiy salohiyati va faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bo‘lim raisi, akademik Ahmed Reymov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hududda olib borilayotgan amaliy tadqiqotlar muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘iston bo‘limi olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, avvalo, mintaqaning eng dolzarb muammolari – ekologik muvozanat, suv tanqisligi, bioxilma-xillikni saqlash hamda Orolbo‘yi hududini tiklash va barqaror rivojlantirish masalalariga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ushbu tadqiqotlar tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholi salomatligini muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Orol dengizi qurishi oqibatlari bugungi kunda butun Markaziy Osiyo uchun global muammo sifatida e’tirof etiladi. Shu bois, Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida olib borilayotgan tadqiqotlar faqat mintaqaviy emas, balki xalqaro miqyosda ham dolzarb.
Uchrashuv davomida suv resurslarini boshqarish, cho‘llanish jarayonlarini kamaytirish, yashil hududlarni kengaytirish, sho‘rlangan yerlarni qayta tiklash bo‘yicha ilmiy ishlanmalar muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalishlarda ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

O‘ktam Salomov o‘z nutqida Prezidentimiz rahbarligida ilm-fan va innovatsiyalar sohasiga qaratilayotgan tizimli e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi. Fanlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qaror va farmonlar ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, olimlarning ijtimoiy mavqeini oshirish va ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Tashrif yakunida yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy grantlar sonini oshirish, startap loyihalarni moliyalashtirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar muhokama qilinib, kelishuvlarga erishildi. Bu esa Orolbo‘yi muammolariga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA