“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatining majburiyatlari aniq belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatining majburiyatlarini aniq belgilash, jamg‘arma tomonidan sarflangan mablag‘larni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo kiritishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi normani kiritish taklif etilmoqda.

Shuningdek, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibini soddalashtirish hamda muddatlarni qisqartirish belgilanmoqda. Xususan, bunday hujjatlar loyihasining jamoatchilik muhokamasi muddatini 10 kun etib belgilash, 5 kun ichida taklif kelib tushmagan taqdirda loyihani huquqiy ekspertizaga kiritish imkoniyatini berish, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatini 20 kunga qisqartirish taklif etilyapti.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etdi. Shu bilan birga, undagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi. Mutasaddilar barcha savollarga tushuntirishlar berib o‘tdi.
Savol-javob va muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA