Deputat aholi muammolarini joyida o‘rgandi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati, professor Ravshan Mahmudov Sirdaryo tumanidagi Quyosh va Elobod mahallalarida bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqot qildi.
Mahallalardagi uchrashuvlar rasmiy yig‘ilish emas, balki odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida ko‘rish, aholi fikrini tinglash va ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralarni belgilashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Quyosh mahallasida fuqarolar bilan suhbat davomida ta’lim muassasasi infratuzilmasini yaxshilash masalasi ko‘tarildi. Xususan, 25-sonli umumta’lim maktabi hovlisi ko‘zdan kechirilib, unga asfalt qoplamasi yotqizish zarurligi qayd etildi. Muammoni qisqa muddatda hal etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarga deputatlik so‘rovi kiritishga kelishib olindi.

Elobod mahallasida esa aholi vakillari bilan muloqot chog‘ida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi, ularning ehtiyojlari o‘rganildi. Shuningdek, Bo‘sh ko‘chasidagi eskirgan yog‘och elektr ustunlarini zamonaviy beton tayanchlarga almashtirish zarurligi aniqlandi. Mazkur masala bo‘yicha ham mutasaddi tashkilotlar oldiga aniq vazifalar qo‘yilib, deputatlik so‘rovi kiritish belgilandi.
Uchrashuvlar davomida fuqarolar tomonidan yo‘l infratuzilmasi, kommunal xizmatlar sifati, obodonlashtirish ishlari va ijtimoiy masalalar yuzasidan bildirilgan takliflar ham atroflicha muhokama qilindi. Har bir murojaat yuzasidan mas’ullar ishtirokida amaliy choralar belgilash lozimligi ta’kidlandi.

Ta’kidlanganidek, deputatlik faoliyatining asosiy mezoni qabul qilingan qarorlar emas, balki aholini qiynayotgan muammolarning amaliy yechimi bilan baholanadi. Shu bois bunday ochiq muloqotlar hududlardagi dolzarb masalalarni o‘z vaqtida aniqlash, deputatlik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mahallalarda o‘tkazilgan bu kabi uchrashuvlar bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: hudud taraqqiyoti, eng avvalo, aholini o‘ylantirayotgan muammolarni eshitish, ularni joyida o‘rganish va aniq amaliy yechimlar orqali hal etishdan boshlanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri