COVID-19: O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash tajribasi va muammolar
COVID -19 pandemiyasi bugungi kunda butun dunyoni katta tashvishga solmoqda va aholi salomatligi uchun xavotir uyg‘otayotgan dolzarb muammolaridan biriligicha qolmoqda. Hozirda dunyo davlatlari koronavirus pandemiyasining navbatdagi to‘lqini bilan kurashmoqda.
2021 yilning 20 iyul holatiga ko‘ra, dunyoning 191 (220) davlatida jami koronavirusga chalinganlar soni 192 278 086 nafarni tashkil etdi, ulardan 174 963 344 nafari sog‘aygan, 4 133 988 nafar bemor vafot etgan, 81 719 (0,7 foiz) nafar bemorlar og‘ir ahvolda qolmoqda. Oxirgi sutka ichida +48 909 yangi kasallik holati qayd etilib, +8 283 nafar bemorlar ushbu kasallikdan vafot etdi (https://www.worldometers.info/...).
Hozirda koronavirus pandemiyasiga chalinganlar soni bo‘yicha AQSH (35 081 719), Hindiston (31 216 337), Braziliya (19 419 741), Rossiya (6 006 536), Fransiya (5 890 062), Turkiya (5 546 166), Buyuk Britaniya (5 519 602), Argentina (4 784 219), Kolumbiya (4 668 750) va Italiya (4 293 083) kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda.
Afsuski, ushbu ofat bizning yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Shu vaziyatda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilgan oqilona davlat siyosati natijasida pandemiya davrini katta iqtisodiy-ijtimoiy yo‘qotishlarsiz o‘tkazmoqdamiz.
Pandemiyaning birinchi kunidan boshlab davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda COVID-19ning tarqalishini oldini olish va uning mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatishga qaratilgan 10 dan ortiq normativ huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Jumladan, «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmon;
«Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon;
«O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyani tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoyishi;
Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori;
Sog‘liqni saqlash vazirligining «Koronavirus infeksiyasini tashxislash, davolash va oldini olish bo‘yicha zaxira mutaxassislarni tayyorlash to‘g‘risida»gi buyrug‘i;
«Xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan COVID-19 bo‘yicha milliy qo‘llanmani tibbiyot amaliyotiga joriy etilishini yanada jadallashtirish haqida»gi buyruqlari respublikamizda koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali tashkil etishga yordam berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyani tashkil etish to‘g‘risida»gi F-5537-sonli farmoyishi asosida koronavirus infeksiyasini yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, qulay sanitariya-epidemiologik muhitni ta’minlash va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi.
Koronavirus pandemiyasi salbiy oqibatlarini oldini olish, respublikada sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish borasida quyidagi ishlar amalga oshirildi.
I. Pandemiya erta bosqichlarida amalga oshirilgan ishlar:
respublika bo‘ylab kuchaytirilgan karantin cheklovlari joriy etildi;
maktabgacha, umumta’lim hamda oliy ta’lim muassasalari faoliyati masofaviy tarzda olib borildi;
xalqaro hamda mahalliy avia va temir yo‘l qatnovlari faoliyati to‘xtatildi;
respublika hududiga kirib kelgan, shuningdek, koronavirus aniqlangan shaxslar bilan muloqotda bo‘lganlar 14 kun davomida karantin markazlarida bo‘ldi;
barcha ommaviy (sport, madaniy) tadbirlar, to‘y marosimlari to‘xtatildi;
sanitar-karantin punktlari faoliyati kuchaytirildi;
har bir hududda moslashtirilgan karantin zonalari tashkil etildi va xorijdagi fuqarolarimiz charter reyslar bilan respublikaga olib kelinib, karantin zonalarida 14 kun davomida karantinga olindi. Ularning barchasidan laborator tahlillar olinib, kasallik aniqlanganlar maxsus shifoxonalarga davolanishga yuborildi;
maxsus kovid-poliklinikalar, mobil brigadalar, 1003- Call-centerlar tashkil etildi;
Shu bilan bir qatorda, qisqa muddatda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida 22 ming o‘rinli «Karantin markazi» yangidan barpo etildi. Shuningdek, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 7 085 o‘rinli karantin markazlari qurilib bitkazildi.
II. Pandemiya davrida tibbiyot muassasalariga 2020 yilda 3 ta MSKT, 56 ta rentgen, 2303 ta funksional krovat, 1 ming 450 ta SIPAP, 3 ming 300 ta kislorod konsentrator, 2040 ta IVL, 55 ta PZR, 12,5 mingta kardiomonitor, shuningdek, byudjet hisobidan 72 mlrd. so‘mlik 500 ta IVL, 90 ta kardiomonitor, 10 ta PZR apparati va boshqa jihozlar yetkazib berildi. Shuningdek, muruvvat yordami orqali 1 ming 512 ta bolalar SIPAPi, 300 ta IVL, 2 ming 507 ta kislorod konsentratori va boshqa jihozlar yetkazib berildi.
Bemorlarga joyida sifatli laborator xizmatni tashkil qilish maqsadida 11 turdagi analizatorlar va sarflov vositalari bilan birga xarid qilindi. Xususan, 10 ta bioximik analizator, 10 ta immunoferment analizator, 10 ta gematologik analizator, 30 ta qonni quyuluvchanlik ko‘rsatkichlari analizatori, 20 ta yarimavtomatik koagulometr va boshqa analizatorlar keltirilib, taqsimotga asosan joylarga yetkazib berildi.
Bundan tashqari, Xitoyning «Xenan Kostar» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan 20 ta gematologik apparati, 17 ta raqamli portativ rentgen apparati, 1000 ta kislorod konsentratori, 200 ta kardiomonitor, 206 ta shpritsli nasos, 8400 ta pulsoksimetr keltirilib, hududiy tibbiy muassasalarga yetkazildi.
III. Dori-darmon ta’minoti bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar:
Koronavirus kasalligini oldini olish va infeksiya aniqlangan bemorlarni o‘z vaqtida davolash maqsadida inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan zarur mablag‘lar ajratilib, eng zarur bo‘lgan 49 turdagi dori vositalari zaxirasi yaratildi va uzluksiz ravishda joylarga yetkazib berildi.
Koronavirusni davolashda eng yuqori samaraga ega bo‘lgan Favipiravir hamda Remdesevir dori vositalari, PSR-testlar, individual himoya vositalari, dezinfeksion moddalar ishlab chiqarilishi mahalliylashtirildi.
800 mingga yaqin to‘plam dori qutilari (COVID-BOX, aptechkalar) hududlarga yetkazib berildi.
IV. Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4652-son qarori bo‘yicha tibbiyot, va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun qo‘shimcha mablag‘lar to‘lab berilishi belgilangan. Mazkur qaror asosida vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 mln. so‘m; o‘rta tibbiyot xodimlari, hamshira-laborantlarga — 15 mln. so‘m; kichik tibbiyot xodimlariga — 10 mln. so‘m; boshqa xodimlarga — 5 mln. so‘m mablag‘lar to‘lab berildi. Hozirda tibbiyot xodimlariga 14 kunlik faoliyati uchun to‘lanadigan maxsus to‘lovlar to‘lash muddatini 30 kunga uzaytirish orqali byudjet mablag‘larini tejashga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 23 iyuldagi PF-6032-son va 2020 yil 27 avgustdagi PF-6052-son Farmonlari asosida Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan 300 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari Davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
V. Shifoxonalarda davolash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar:
Koronavirus infeksiyasi pandemiyasining yuqori cho‘qqisi davrida respublikamizda jami 159 ta muassasada 25 ming 200 ta shifo o‘rinlari, shu jumladan 2 ming 500 ta reanimatsion o‘rinlar tashkil etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qisqa muddatlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanida Koronavirus bemorlarini davolash uchun 3600 o‘rinli maxsus shifoxona qurib bitkazildi va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, foydalanishga topshirildi.
Xuddi shunday maxsus shifoxonalar Nukus, Samarqand shaharlari hamda Termiz va Pop tumanlarida barpo etildi.
Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda 58 ta saralash-taqsimlash markazlarida 15 mingta o‘rin, shu jumladan 1225 ta reanimatsiya o‘rinlari tashkil etildi.
bugungi kunga qadar koronavirus bemorlarini davolash ishlariga Xitoy, Rossiya, Koreya, Turkiya va Germaniya davlatlaridan kelgan 140 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etishdi.
O‘zbekistonda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami faoliyati shunday tashkil etildiki, bunda tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan har bir kishi tibbiy xodimni uyiga chaqirib, uyda barcha tibbiy muolajalarni amalga oshirildi. Agar koronavirusga shubha qilingan bemorni kasalxonaga yotqizish zaruriyati bo‘lsa, maxsus guruh chaqirilib, bemor gospitalizatsiya qilindi va bepul davolandi.
2021 yilning 20 iyul holatiga ko‘ra, Respublikamizda esa jami kasallanganlar soni 121 329 nafarni, sog‘ayganlar 116 009 nafarni, vafot etganlar esa 810 nafar kishini tashkil etmoqda.
Ushbu raqamlarni boshqa mamlakatlarniki bilan solishtirganda, infeksiyani yuqtirganlar soni va o‘lim darajasi ancha pastligini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida qabul qilingan tezkor va samarali qarorlar, shuningdek, infeksiya tarqalishining oldini olish hamda nazorat qilish bo‘yicha olib borilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasi ekanligini hamda respublikamiz fuqarolarining sog‘lig‘ini himoya qilish uchun sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari tomonidan barcha imkoniyatni ishga solinayotganligidan dalolat beradi.
Buning natijasida virusning tarqalishini jilovlash, shuningdek, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy, jumladan aholining eng ehtiyojmand qatlamlari uchun oqibatlarni yumshatishga erishildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, mamlakatmizda juda katta kuch sarflab, ko‘p sa’y-harakatlar, xalqimizning ko‘magi, sabr-toqati bilan bu ofat jilovlab turilibdi.
Hozirgi kunda pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilish, iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan karantin cheklovlari yumshatilib, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari faoliyati to‘liq tiklandi.
Shu bilan birga, oliy ta’lim sohasidan tashqari maktabgacha, umumta’lim muassasalar faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yildi.
Xalqaro hamda mahalliy avia va temir yo‘l qatnovlari yo‘lga qo‘yildi, shuningdek, ko‘ngilochar ob’ektlar va diniy tashkilotlar faoliyati, to‘y marosimlariga (ishtirokchilar soni va o‘tkazish vaqtini chegaralangan holda) ruxsat berildi. Ammo hozirgi kunda aholining ma’lum kontingenti o‘rtasida karantin talabalariga e’tiborsizlik kuzatilmoqda, ya’ni tibbiy niqobsiz yurish yoki niqobni to‘g‘ri taqmaslik holatlari, to‘y-hashamlarda, turli tadbirlarda ishtirokchilar sonining ko‘pligi, zarurat bo‘lmaganda ham jamoa bo‘lib yig‘ilish, natijada ijtimoiy masofaga rioya etmaslik holatlari va boshqalar.
Vijdonan gapiradigan bo‘lsak hech birimiz karantin qoidalariga qat’iy amal qilmayapmiz. Misol uchun oddiy tibbiy niqob taqish qoidalariga rioya qilishni olsak. Kim shu qoidani to‘g‘ri bajaryapti? Har 2 soatda niqobni almashtirib turibmizmi? Bir marta ishlatilishi lozim bo‘lgan niqoblarni «ko‘p martalik» qilib taqmayapmizmi? Cho‘ntagimizda olib yurib, el ko‘zi uchun niqobni taqmayapmizmi? Yoki ijtimoiy masofani saqlash masalasi. To‘y-hashamlarni qanday o‘tkazyapmiz? Mehmondorchiliklarimiz ko‘payib ketmadimi? Achchiq tajribamiz shunchalik tez esdan chiqdimi? Bularning barchasi aholi o‘rtasida kasallikning yana tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir kunda O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni 700 nafarga, pnevmoniya qayd etilganlar soni esa 500 nafarga yaqinligi haqida xabar berdi. Pandemiya boshidan beri bu o‘rnatilgan antirekordimizga o‘zimiz sababchi emasmizmi?
Aholi o‘rtasida kasallikni kamaytirish uchun manbani erta aniqlash, ya’ni yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanish alomatlari (isitma, yo‘tal, gripp) bo‘lganlarni erta kasalxonaga yotqizish, ehtiyot choralarini ko‘rish (tibbiy niqob taqish, nafas olish va qo‘l gigiyenasi, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish), ijtimoiy masofani saqlash va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha tadbirlarni talab darajasida bajarish lozim. Hurmatli Vatandoshlar! Bu xavf butun dunyoda butunlay bartaraf etilmas ekan, xotirjamlikka berilishga aslo haqqimiz yo‘q.
Barchamiz ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan oddiy karantin qoidalariga, ya’ni tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq amal qilishimiz lozim. Mustahkam intizom, qat’iy iroda, yuksak ma’naviy jasorat, mardonavor birdamlik, Yaratganning inoyati ila Biz butun XALQIMIZ bilan koronavirus balosini albatta yengamiz!
Alisher SHODMONOV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori