Chortoqda 632 gektar maydon intensiv bog‘larga aylantiriladi
Namangan viloyatida bog‘dorchilikni rivojlantirish, mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va eksportbop meva mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, eskirgan bog‘larni yangilash va zamonaviy intensiv bog‘lar tashkil etish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 9-iyundagi «Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, bog‘dorchilikda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va aholi daromadlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida Chortoq tumanida joriy yilda 632 gektar maydonda zamonaviy intensiv mevali bog‘lar barpo etish rejalashtirilgan. Bu orqali meva yetishtirish hajmini ko‘paytirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tumanning eksport salohiyatini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Tumanda bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan yer maydonlaridan unumli foydalanishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Jumladan, bog‘ qator oralariga to‘qsonbosti ekinlar ekilib, bir maydondan qo‘shimcha hosil olish imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Bunday yondashuv yerdan foydalanish samaradorligini oshirish bilan birga, fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayni paytda tumandagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda yetishtirilayotgan sarxil mevalar ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda.
[gallery-32111]
Intensiv bog‘lar maydonining kengayishi kelgusida hosildorlikni oshirish, bog‘dorchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA