Ibn Sino merosi: Hindiston O‘zbekiston ilmiy ekspeditsiyasini qo‘llab-quvvatladi
Joriy yilning noyabr oyida yurtimiz olimlarining Hindistonga ilk ilmiy ekspeditsiyasini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik. Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim va Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudovning uchrashuvida mazkur ekspeditsiyasini yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida fond faoliyati hamda ekspeditsiyaning asosiy maqsadlari va kutilayotgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Smita Pant xonim mazkur tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Hindistonning tegishli davlat va ilmiy tashkilotlarini unga jalb qilishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi.
Elchi xonim ikki tomonlama hamkorlikni zamonaviy tibbiyot, ayniqsa, xalq tabobati (Ibn Sino va Ayurveda ta’limoti), farmatsevtika hamda investitsiya yo‘nalishlarida rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratdi. Ushbu sohalarda ulkan salohiyat va keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ekspeditsiyani hamkorlikda yuqori saviyada o‘tkazish hamda 2027-yilda hindistonlik olim va investorlarning fondning xalqaro tadbirlarida ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, ekspeditsiya davomida Hindistonda saqlanayotgan Ibn Sinoga oid qo‘lyozmalarni o‘rganish, mahalliy olimlar, shuningdek, farmakologiya va farmatsevtika nazorati sohasi mutaxassislari bilan ilmiy uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur ilmiy ekspeditsiya Ibn Sinoning tibbiyot va farmakologiyaga oid ilmiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish, mavjud ilmiy aloqalarni mustahkamlash va yangi xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA