Qonunni yaxshi bilgan sudya insonni ham tushunishi kerak
Sudyalik katta mas’uliyat va ruhiy bardosh talab etadigan kasb. Murakkab ishlar, insonlar taqdiriga daxldor qarorlar va yuqori ish yuklamasi sudyaning ruhiy holatiga qanday ta’sir qiladi? Odil sudlovni ta’minlashda kasbiy bilimdan tashqari yana qanday fazilatlar muhim?
Shu savollar atrofida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi a’zosi Xurshid Sadikov bilan qisqa suhbat qildik.
– Sudyalar faoliyatidagi asosiy qiyinchiliklar nimalardan iborat? Ularning ruhiy holatiga ham e’tibor qaratiladimi?

– Avvalo, sudya ham inson ekanini unutmasligimiz kerak. Uning ham oilasi, shaxsiy hayoti va muammolari bor. Shu bilan birga, har kuni insonlar taqdiriga daxldor murakkab ishlarni ko‘radi. Bu katta ruhiy bosimni yuzaga keltiradi.
Men o‘zim ham sudya bo‘lib ishlaganman. Ayrim ishlar bo‘yicha haqiqatni aniqlash shunchalik qiyin kechganki, ular hatto tushimga kirgan. Ertalab ishga ketayotib ham jinoyatni kim sodir etgani, muayyan shaxsning voqeaga aloqasi bor-yo‘qligi haqida o‘ylaganman. Bunday holatda ishdagi tashvishlarni uyga olib bormaslik oson emas. Shu bois sudyalar va sud xodimlari bilan psixologlarning ishlashini yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Maqsad ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash va zarur psixologik yordam ko‘rsatish.
– Ish hajmi katta, ruhiy bosim yuqori. Bunday sharoitda sudya qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerak?
– Birinchi navbatda, hayotiy tajribaga. Shuning uchun qonunchilikda sudyalikka nomzodning eng kichik yoshi 35 yosh, yuridik ish staji esa kamida yetti yil etib belgilangan. Sudya shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, vaziyatni chuqur tahlil qila olishi, ma’naviy jihatdan yetuk bo‘lishi kerak. Yana bir muhim talab xalqchillik. Sudga turli sharoitda yashayotgan insonlar keladi. Sudya ularning holatini tushunishi, hech kimga yuqoridan turib muomala qilmasligi lozim.
– Sudyada bunday dunyoqarashni shakllantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
– Ko‘p kitob o‘qish kerak. Ayniqsa, xalqimizning hayoti, odamlarning turmushi va kechinmalarini aks ettirgan asarlarni mutolaa qilish muhim. Shu maqsadda yosh sudyalarga “Mutolaa” loyihasini tavsiya qildik. Sudyalarimiz unga a’zo bo‘ldi. Kitobxonlik tanlovlarini ham tashkil etdik. Ularda xalq hayotini yoritadigan romanlarga alohida e’tibor qaratdik. Chunki sudya o‘zi yashayotgan jamiyatni yaxshi bilishi, odamlarning dardini his qila olishi zarur.
– Sudyalikka nomzodlarni tanlashda bu fazilatlar qanday baholanadi?
– Hozir sudya bo‘lish uchun Odil sudlov akademiyasida tahsil olish talab etiladi. Akademiyaga qabul jarayonida nomzodning huquqiy bilimi bilan birga, shaxsiy fazilatlarini ham o‘rganamiz. Suhbat davomida uning qanday inson sifatida shakllangani, sudyalik mas’uliyatiga qay darajada tayyorligini baholaymiz. Shundan so‘ng munosib nomzodlar saralanib, sudyalik faoliyatiga tayyorlanadi. Zero, sudya uchun qonunni mukammal bilishning o‘zi kifoya emas. U hayotni tushunadigan, ma’nan yetuk va mas’uliyatli inson bo‘lishi kerak.
O‘zA muxbiri Dilshod HAKIMOV suhbatlashdi.