“CAC Regulatory Authorities Meeting”: AQSH Farmakopeyasi, Turkiya va Qozog‘iston bilan aloqalarimiz mustahkamlandi
Toshkent shahridagi Bio Pharm City majmuasida mintaqa davlatlarining dori vositalari sohasidagi regulyator organlari rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida “CAC Regulatory Authorities Meeting” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan AQSH Farmakopeyasi (USP) hamda O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Pokiston, Misr va Iordaniya davlatlarining regulyator organlari vakillari, shuningdek, USP ekspertlari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Markaz va USP o‘rtasida Markazning USPning «Regulyatorlar uchun imtiyozli kirish» (Preferential Access for Regulators, PAR) dasturiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi Kelishuv xati imzolandi. Mazkur hujjatga muvofiq, Markaz hamda uning laboratoriya tarmog‘i — markaziy laboratoriya va hududiy filiallari dori vositalari sifatini laboratoriya nazoratidan o‘tkazishda foydalaniladigan zarur USP standart namunalaridan imtiyozli asosda foydalanish muddati uzaytiriladi. Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislariga AQSH Farmakopeyasi — Milliy formulyar (USP–NF) hamda USPning boshqa me’yoriy nashrlariga onlayn kirish imkoniyati yanada kengayadi.
Shuningdek, USP CAC Regulatory Authorities Meeting tadbiri doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov Turkiya Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi (TİTCK) Prezidenti Huseyin Chelik bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar amaldagi hamkorlik Memorandumini amaliy jihatdan rivojlantirish, 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarni belgilash hamda dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, laboratoriya nazorati va farmakonazorat sohalarida tajriba almashish masalalarini muhokama qildi.
Mutaxassislar ishtirokida ekspert tashriflari va texnik uchrashuvlarni tashkil etish, tartibga solish amaliyotiga oid ma’lumotlar hamda o‘quv materiallari almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Uchrashuv yakunida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oluvchi aniq Harakatlar rejasini ishlab chiqish va uni amalga oshirishga qaratilgan texnik ishlarni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Alisher Temirov Qozog‘iston Respublikasi Dori vositalari va tibbiy buyumlar milliy markazi (NDDA) direktorining strategik rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Gabit Seydullayev bilan ham uchrashdi.
Muloqotda ikki mamlakat farmatsevtika sohasidagi regulyatorlar hamkorligini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Qo‘shma harakatlar rejasi orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan aniq yo‘nalishlarni ko‘rib chiqib, farmatsevtika mahsulotlarini tartibga solish sohasida o‘zaro hamkorlikning ustuvor vazifalarini belgilab oldi.
M.Qosimova, O‘zA