Bu Vatan biznikidir!
Bu Vatan biznikidir, zarlarga to‘la tuproq, Kelgin, do‘stim, o‘zing ham unga bir bor qara, boq.
Samarqandga tikilsang tarix ko‘taradi bosh,
Amir Temurni boshlab chiqib keladi quyosh.
Zulmat ortga chekingan, nurlar to‘shagan gilam.
Gul-chechakka burkanib go‘zallashar bu olam.
Minorlari bo‘y cho‘zib g‘ururlanar baxtidan,
Qadimiy oshyon endi qaytmas ezgu ahdidan.
Dunyo yo‘llari bugun shunda kelib tutashar,
Imom Buxoriy tomon niyat qilib o‘tishar.
Zarafshonning durlari qadamda berar jilo,
Tuprog‘ida saxovat, baraka bordir, illo.
Yangi Jizzax yashnagan manzillarni ko‘zlaydi,
Zomin olis tarixdan hikoyalar so‘zlaydi.
Qishloqlari shahardan qolishmaydiku aslo,
Navoiyga yo‘l oling, ko‘ring Buxorogacha to.
Surxondaryo gurkurab avji oroyishdadir,
Farg‘ona qirchillama eng gullagan yoshdadir.
Maftun etar dillarni Namanganning chiroyi,
Shukronalik bor bunda, bor keksalar duoyi.
Qolishmaydi har ishda Qashqadaryo shiddati,
Zafarlarda bo‘y bergan mehnatkash xalq himmati.
O‘zgachadir Andijon bag‘rida shodlik, g‘urur,
Jannatmonand yurtiga qaytib kelgandi Bobur!
Nurafshonda nur ёғиб uyg‘onadi har sahar,
Ezgulikka tongdanoq har kun boshlanar safar.
Ko‘ngillardan yo‘qoldi bir zumda axir hadik,
Sirdaryoga ko‘rk berib turar osoyishtalik.
Razm soling bir marta oydin kechalariga,
Faqat fayz yarashgaydir Toshkent ko‘chalariga.
Jayhun osha jahonga ko‘z-ko‘z etib orazin,
Mehmonlarga muntazir quchoq ochgan Xorazm.
Bugun elim shod yashar Qoraqalpog‘istonda,
Har kent, har qishloq yashnar Qoraqalpog‘istonda.
Yuraklarga ingaydir shukr otlig‘ bir ziyo,
Umrlarga boqqaydir shodliklar yana qiyo.
Ulug‘lardan kuch olib, shitobla yelar xalqim,
Ko‘zida nur, qo‘lida kitobla yelar xalqim.
Bu yurt bosib o‘tgan yo‘l bo‘lgay ibrat quyoshi,
Unga qanot bo‘lgaydir mudom oqil yurtboshi.
Tilaklar kuch bergaydir dillardagi imkonga,
Ilohim, ko‘z tegmasin Yangi O‘zbekistonga!
O‘tkir Rahmat