Bolaning xavfsizligi va qadr-qimmati – ustuvor vazifa
Bola uchun dunyodagi eng xavfsiz maskan, mehr ko‘rgan, qadri e’zozlangan va o‘zini himoyalangan his qilgan muhitdir. Uning qalbida qo‘rquv emas ishonch, ko‘zlarida yosh emas quvonch bo‘lishi kerak. Biroq hayotda hamma bolalar ham shunday muhitda ulg‘aymaydi. Ba’zan birgina qo‘pol so‘z, tahqir, tazyiq yoki jismoniy zo‘ravonlik bola ruhiyatida o‘chirib bo‘lmaydigan iz qoldiradi. Shu bois, bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan asrash, ularning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish faqat oilaning emas, balki butun jamiyatning mas’uliyatidir.
– O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 14-oktabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi, – deya fikrini boshladi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov. – Zero, bola millati, dini, tili, irqi, kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, e’zozga, mehr-muhabbatga, g‘amxo‘rlikka va himoyaga munosib bo‘lgan bebaho inson. Yer yuzidagi barcha bolalarga o‘z farzandimizdek munosabatda bo‘lishimiz, ularning qalbini asrashimiz, huquq va erkinliklarini himoya qilishimiz, or-nomusi va qadr-qimmatini e’zozlashimiz barchamizning insoniylik burchimiz.
Har bir bolaning sog‘lom, xavfsiz va baxtli muhitda ulg‘ayishi, ta’lim olishi, o‘z qobiliyatlarini erkin namoyon etishi hamda kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishi jamiyat taraqqiyotining muhim sharti hisoblanadi. Shu bois bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy va boshqa har qanday zo‘ravonlik ko‘rinishlariga mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lishimiz zarur.
Mazkur qonun mamlakatimiz hududida istiqomat qilayotgan barcha bolalar, ularning millati, dini, tili va kelib chiqishidan qat’i nazar, davlatning mustahkam himoyasida ekanini ifodalovchi muhim huquqiy kafolatdir. Bu esa har bir bolaning huquqlari qonun bilan himoyalanishi, uning xavfsizligi va sha’ni e’tiborda bo‘lishi, zo‘ravonlikka duch kelgan bolalarga zarur yordam ko‘rsatilishi uchun yanada mustahkam asos yaratadi.
Ayniqsa, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda nafaqat davlat organlari, balki ota-onalar, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilikning ham mas’uliyati katta. Har birimiz bolalarning dardiga befarq bo‘lmasligimiz, ularning murojaatlarini tinglashimiz, huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz va himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.
Darhaqiqat, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik o‘zgarishlari har bir farzandning xavfsizligi, sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA