Bolalar va do‘stlik bayrami keng nishonlandi
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrining “Navro‘zobod” mahallasidagi Mamatov Abduqul aka va Bonu opa xonadonlarida “Bolalar — kelajagimiz” hamda “Millatlar do‘stligi abadiy” nomli diydorlashuv kechasi tashkil etildi.
Mazkur ma’naviy uchrashuv Sirdaryo viloyati tojik milliy madaniy markazi hamkorligida o‘tkazilib, unda tojik, ozarbayjon, koreys va qozoq milliy madaniy markazlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Tojikiston Respublikasi Istaravshan shahridagi O‘zbeklar jamiyati raisi A. Xo‘janazarov, Shahriston tumanidagi O‘zbeklar jamiyati raisi B. Abduvali, Zafarobod tumanidagi Faxriylar kengashi raisi hamda san’atkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat va elat vakillari o‘rtasida madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish hamda bolalarga bayramona kayfiyat ulashishdan iborat bo‘ldi.
Mahallada istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan 12 nafar bolaga 1-iyun munosabati bilan bayram sovg‘alari ulashildi. Shuningdek, uydan chiqish imkoniyati cheklangan 6 nafar bolaga sovg‘alar ularning xonadonlariga yetkazib berildi.


Tadbir davomida millatlararo do‘stlik, xalqlar o‘rtasidagi totuvlik va madaniy qadriyatlarni ulug‘lash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Do‘stona muhitda o‘tgan tadbirda milliy kuy-qo‘shiqlar yangrab, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

– Mazkur tadbirning eng muhim jihati shundaki, u nafaqat bolalarga bayram kayfiyati ulashish, balki turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bolalar — bizning umumiy kelajagimiz, ularni qo‘llab-quvvatlash esa barchamizning insoniy burchimizdir. Bunday tadbirlar jamiyatda ezgulik, mehr-oqibat va millatlararo totuvlik muhitini yanada kuchaytiradi, – dedi tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Sirdaryo viloyati Qirg‘iz milliy madaniy markazi rahbari Nodira Jonibekova.
Mehmonlar tadbirni yuqori baholab, uning insonparvarlik va do‘stlik ruhida o‘tganini alohida ta’kidladilar. Tadbir ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.

E’tiborli jihati shundaki, Mamatov Abduqul aka va Bonu opa xonadoni bugun nafaqat Sirdaryoda, balki mamlakat miqyosida ma’naviyat, tarix va ijod uyg‘unlashgan noyob maskan sifatida tanilgan.
Bu yerda turli davrlarga oid osori-atiqalar, qo‘lyozmalar, rangtasvir asarlari hamda nodir to‘plamlar jamlangan bo‘lib, xonadon “uy-muzey” sifatida keng e’tirof etilgan.
Ayniqsa, Bonu opa tomonidan to‘plangan milliy kashta, zardevor va so‘zana kabi hunarmandchilik namunalari xonadonga o‘ziga xos madaniy ruh bag‘ishlagan.
Shu bilan birga, “Besh tashabbus” doirasida yoshlar uchun turli to‘garaklar ham yo‘lga qo‘yilgan.
– Biz bu yerni faqat yashash maskani emas, balki ma’naviyat va tarbiya markazi sifatida ko‘ramiz. Kelgan har bir mehmonga kitob, tarix va qadriyat haqida so‘zlaymiz, – deydi Bonu Mamatova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri