Tomorqachilik — farovonlik kaliti
Guliston tumani Ahmad Yassaviy mahallasidagi 12 sotixli zamonaviy issiqxona orqali Sanjar Shodiyev oilasi yiliga o‘rtacha 100–120 million so‘m daromad olmoqda. Bu mablag‘ xonadonning iqtisodiy barqarorligini ta’minlab, uy-joy sharoitini yaxshilash va farzandlar ta’limiga yo‘naltirilmoqda.
Issiqxonada pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va qulupnay yetishtiriladi. Mavsumiy talabdan kelib chiqib, ekin almashinuvi tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir yilda uch marotaba hosil olish imkoni yaratilgan. Bu esa yer maydonidan unumli foydalanish va mahsulot hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xo‘jalikda zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi ham joriy etilgan. Ushbu texnologiya suv sarfini sezilarli darajada tejash bilan birga, o‘simliklarning bir tekis o‘sishi va yuqori sifatli hosil olish imkonini beradi.
Tomorqa xo‘jaligi rahbari Sanjar Shodiyev issiqxonachilik va zamonaviy agrotexnologiyalarning afzalliklari haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Issiqxona bizga yil davomida barqaror daromad olish imkonini berdi. Tomchilatib sug‘orish esa suvni tejab, har bir o‘simlikka kerakli miqdorda namlik yetkazishga xizmat qiladi. Shuning hisobiga hosildorlik ham, mahsulot sifati ham yaxshilandi, – deydi u.
Uning ta’kidlashicha, zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi bilan birga mehnat samaradorligi oshgan, xarajatlar optimallashgan.
[gallery-29726]
Eng asosiysi, uning kelgusidagi rejalari ham katta. Sanjar Shodiyev faoliyatni yanada kengaytirish, issiqxona maydonlarini ko‘paytirish hamda yangi turdagi eksportbop mahsulotlarni yetishtirishni maqsad qilgan. Shu orqali u nafaqat oila daromadini oshirish, balki mahallada namunaviy tomorqa xo‘jaligi tajribasini shakllantirishni ham ko‘zlamoqda.
Bugun Sanjar Shodiyev kabi tashabbuskor xonadonlar tomorqadan samarali foydalanish orqali nafaqat o‘z daromadini oshirmoqda, balki mahallada zamonaviy agrar tajribani keng targ‘ib qilishga ham hissa qo‘shmoqda. Issiqxonachilik va tomchilatib sug‘orish kabi innovatsion usullar esa tomorqachilikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA