Bayrog‘imiz yuksaklarda: Paraosiyo o‘yinlarida rekordlar kuni davom etadi!
Yaponiyaning Aichi va Nagoya hududida o‘tkazilayotgan V Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Musobaqalarning 23 oktbyar kungi bellashuvlarida para atletlarimiz bir qator medallar shodasi bilan birgalikda Osiyo hamda Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini yangiladi.
Jumladan, Para yengil atletika bahslari delegatsiyamiz uchun haqiqiy rekordlar maydoniga aylandi. Xususan, ayollar o‘rtasida T11 klassida uzunlikka sakrash finalida ishtirok etgan Asila Mirzayorova 5,04 metr natija qayd etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangiladi. Ushbu yo‘nalishda mahorat ko‘rsatgan yana bir vakilamiz Shahrizoda Temirova 4,73 metr natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, Asila Mirzayorova mazkur nufuzli musobaqadagi ishtirokini 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan yakunlab, universal mahoratini yana bir bor namoyon etdi.
T12 klassidagi sakrash bahslarida esa Husniya Olimjonova 5,46 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, Paraosiyo o‘yinlarining yangi rekordini o‘rnatdi. Ushbu dasturda Yoqutxon Xolbekova 5,44 metr ko‘rsatkich bilan kumush medalga sazovor bo‘lib, o‘zbek mahorat maktabi ustunligini ta’minladi.
Ayollar o‘rtasida F46 klassida yadro uloqtirish finalida Karomat Omonova 13,16 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi va Osiyo rekordini yangiladi. Dog‘da qolgan raqiblar fonida Shahinaxon Yigitaliyeva 11,72 metr natija qayd etgan holda bronza medalga ega chiqdi.

Erkaklar o‘rtasida F32 klassida klub uloqtirish bahsida Xurshid Qodirov 36,11 metr natija bilan tengsiz deb topildi va Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangiladi. Ushbu yo‘nalishda Sunnat Botirov 33,67 metr ko‘rsatkich bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Mahoratli para sportchimiz Xurshid Qodirov yugurish yo‘lagida ham haqiqiy mahorat ko‘rsatdi. T71/72 klassida 100 metrga yugurish finalida u marraga 15,40 soniyada birinchi bo‘lib yetib keldi va navbatdagi Osiyo rekordini o‘rnatdi. Shu tariqa, sportchimiz bir kunning o‘zida ikkita oltin medalni qo‘lga kiritib, musobaqaning eng yorqin qahramonlaridan biriga aylandi.

Shuningdek, erkaklar o‘rtasida T11 klassida uzunlikka sakrash finalida Urganchbek Egamnazarov 6,17 metr natija bilan kumush, Qobiljon Shodiyev esa 5,74 metr ko‘rsatkich bilan bronza medaliga ega chiqdi.
Ayollar o‘rtasida T71/72 klassida 100 metrga yugurish final bahsida Nabira Qaymatdinova 20,41 soniya natija bilan kumush, Mahliyo Akramova esa 21,66 soniya bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Erkaklar o‘rtasida F54/55/56 klassida disk uloqtirish bahsida Bunyod Xolmurodov 34,70 metr natija ko‘rsatib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Suzish havzasida ham mahoratli para suzuvchilarimiz yuqori natijalarni qayd etdi. Erkaklar o‘rtasida S13 klassida 200 metrga kompleks usulda suzish finalida Yegor Bolotov 2 daqiqa 12,97 soniya natija ko‘rsatib, oltin medalga sazovor bo‘ldi va Osiyo rekordini yangiladi. Ushbu bahsda Dmitriy Xorlin 2 daqiqa 19,91 soniya natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida SM13 klassida 200 metrga kompleks usulda suzishda Muslima Odilova 2 daqiqa 42,02 soniya bilan kumush, Mubinabonu Xalilova esa 2 daqiqa 43,64 soniya bilan bronza medalini egalladi.
Muslima va Mubinabonu juftligi S13 klassida 100 metrga kapalak usulida suzish finalida ham shohsupaga ko‘tarildi. Muslima Odilova 1 daqiqa 7,93 soniya natija bilan oltin, Mubinabonu Xalilova esa 1 daqiqa 19,73 soniya bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, S5 klassida chalqancha suzish bahsida Lolaxon Qodirova (42,97 soniya) bronza, S7 klassida 50 metrga erkin usulda suzish finalida Sardor Baxtiyorov (29,72 soniya) uchinchi o‘rinni egalladi.

Para velosportning shosse yo‘nalishida C4–5 klassidagi guruh poygasi finalida Azimbek Abdullayev 1:48.55 natija bilan marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tib, delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi kumush medalni qo‘shdi.
Para pauerlifting bo‘yicha ayollar jamoaviy dasturida Ro‘za Qo‘ziyeva, Ruxshona O‘ktamova va Qudratoy Toshpo‘latovadan iborat O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 303,09 ball natija bilan faxrli bronza medaliga ega bo‘ldi.
V Paraosiyo o‘yinlarining 23 oktbyar kungi bellashuvlar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida O‘zbekiston delegatsiyasi 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza, jami 145 ta medal bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Ushbu jadvalda Xitoy delegatsiyasi 204 ta oltin, 115 ta kumush va 108 ta bronza, jami 427 ta medal bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Yaponiya vakillari esa 63 ta oltin, 60 ta kumush va 62 ta bronza, jami 185 ta medal bilan ikkinchi o‘rinni band etgan. Kuchli beshlikdan Hindiston 30 ta oltin, 35 ta kumush, 49 ta bronza, va Janubiy Koreya 28 ta oltin, 36 ta kumush, 33 ta bronza medal bilan joy olgan.
Keyingi o‘rinlarda Eron — 26 ta oltin, 36 ta kumush va 40 ta bronza, Tailand — 18 ta oltin, 39 ta kumush va 63 ta bronza, Indoneziya — 14 ta oltin, 20 ta kumush va 37 ta bronza, Qozog‘iston — 12 ta oltin, 16 ta kumush va 22 ta bronza, Saudiya Arabistoni esa 8 ta oltin, 8 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan bormoqda.

O‘zbekiston vakillarining Paraosiyo o‘yinlaridagi ishtiroki nafaqat medallar salmog‘i, balki o‘rnatilayotgan rekordlar bilan ham tarixga kirmoqda. Asila Mirzayorova, Husniya Olimjonova, Karomat Omonova, Yegor Bolotov va Xurshid Qodirov kabi sportchilarimizning rekord natijalari o‘zbek parasportining xalqaro maydondagi yuqori salohiyatidan dalolat beradi.
Bir sportchining bir nechta yo‘nalishda shohsupaga ko‘tarilishi va ayrim bellashuvlarda hamyurtlarimizning bir vaqtning o‘zida bir nechta medalni qo‘lga kiritishi terma jamoamizning umumiy muvaffaqiyatini ta’minlamoqda. Mazkur zafarlar sportchilarning yillar davomidagi mashaqqatli mehnati, murabbiylar shtabining tizimli sa’y-harakatlari va davlatimiz tomonidan yaratilgan puxta sharoitlar mevasidir.
Musobaqada 11 ta sport turi bo‘yicha 149 nafar sportchi bilan ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi uchun 24-oktabr kuni ham medallar jamg‘armasini yanada boyitish va yangi marralarni zabt etish imkoniyati saqlanib qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA