Baxtiyor Mustafayev O‘zbekiston va Xitoy yetakchi tahliliy markazlari forumida nutq so‘zladi
Joriy yil 6-7-iyun kunlari Shanxay shahrida "O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida yangi bosqich: umumiy qarash va umumiy kelajak" mavzusida yetakchi tahliliy markazlarning "10+10" forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Shanxay xorijiy tillar universiteti qoshidagi Shanxay global boshqaruv va xalqaro mintaqashunoslik akademiyasi hamda O‘zbekistonning "Taraqqiyot strategiyasi" markazi tomonidan tashkil etildi.
Xitoy tomonidan mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, jumladan, Pekin universiteti, Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi, Shanxay xalqaro tadqiqotlar instituti, Fudan universiteti va Xitoy xalqaro tadqiqotlar instituti ekspertlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vakillari o‘rin oldi.

Yevroosiyo mintaqasida xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan sessiyada SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev so‘zga chiqdi. Ekspert o‘z ma’ruzasida zamonaviy terroristik va ekstremistik tahdidlarning o‘zgarishidagi asosiy tendensiyalarga e’tibor qaratdi.
So‘nggi yillarda yoshlarning raqamli muhitda radikallashuv jarayonlari kuchaygani, shuningdek, ekstremistik targ‘ibot va dezinformatsiyani tarqatish maqsadida yangi texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish ko‘lami kengaygani qayd etildi.
Institut direktori o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bu tendensiyalar zamonaviy tahdidlarning transmilliy xususiyati ortib borayotgani va mavjud qarshi kurashish mexanizmlarini yangi voqeliklarga moslashtirish zarurligidan dalolat beradi.
Shu nuqtai nazardan, Baxtiyor Mustafayev O‘zbekistonning ekstremizm va radikallashuvning oldini olish bo‘yicha yondashuvlarini taqdim etdi. Mamlakatimizda buzg‘unchi mafkuralar tarqalishining nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini ham bartaraf etishga qaratilgan kompleks siyosat izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarning media savodxonligini yuksaltirish, tanqidiy fikrlash va huquqiy madaniyatni shakllantirish, shuningdek, jamiyatning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Islom dinining insonparvarlik mohiyatini tushuntirish va diniy qadriyatlarni noto‘g‘ri talqin qilishga qarshi qaratilgan diniy-ma’rifiy muassasalar muhim rol o‘ynaydi.
Qurolli mojarolar hududlaridan qaytgan va radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish hamda jamiyatga reintegratsiya qilish borasidagi O‘zbekiston tajribasi alohida qayd etildi. Ta’kidlanishicha, kompleks profilaktik chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga va ekstremistik mafkuraga nisbatan mustahkam immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi.
SMTI vakilining fikricha, zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish xalqaro hamkorlikni kengaytirish va faol ekspertlar muloqotini talab etadi. Shu munosabat bilan xavfsizlik sohasida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini mustahkamlash, tahliliy xulosalar almashish hamda radikallashuv va ekstremizmning oldini olish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston va Xitoyning barqarorlikni ta’minlash, suverenitet tamoyillarini hurmat qilish va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish masalalari bo‘yicha pozitsiyalarining yaqinligi Yevroosiyo makonidi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishi ta’kidlandi.
O‘zA