Xorijiy investorlar yer uchastkalarini 25 yil emas, 49 yilgacha ijaraga olishi belgilanmoqda
Qonun loyihasiga sharh
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda qulay investitsiya muhiti yaratilmoqda. Investitsiya kiritishda esa investorlar uchun ishonch va yerga doir huquqlarning kafolatlari muhim hisoblanadi.
Bugungi kunda chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning yer uchastkalariga doir huquqlari turli qonun hujjatlarida tarqoq holda belgilangan. Bu esa amaliyotda huquqiy noaniqliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, Adliya vazirligiga turli korxonalar, hokimliklar, investorlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarda norezidentlarga yer ajratish borasida qonunchilikda nomuvofiqliklar mavjudligi, yer ajratishda yagona hujjat yo‘qligi kabi masalalar ko‘tarilgan. Bu esa investitsion jozibadorlikni pasaytiruvchi omillardan hisoblanadi.
Bundan tashqari, chet ellik investorlarga ajratiladigan yerlarning aniq toifasi, turlari belgilanmagani hisobiga strategik ahamiyatga ega hududlardan yer ajratishda huquqiy noaniqliklar yuzaga kelishi mumkin.
Shu bilan birga, o‘rganishlar yer uchastkalarida uzoq muddatli loyihalarni rejalashtirishga qaratilgan takliflar ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Amalda esa noqishloq yerlarni ijaraga berish muddati 25 yil bo‘lib, bu uzoq muddatli yirik investitsiyalarni jalb qilishga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, xorijiy investorlar noqishloq yerlarni auksiondan sotib olishining huquqiy tartibi qonunchilikda belgilanmagan.
Shundan kelib chiqib, xorijiy investorlar uchun yer munosabatlariga oid huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Yer kodeksiga chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, xorijiy yuridik shaxslar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning yer uchastkalariga doir huquqlari alohida bob bilan tartibga solinmoqda. Xorijiy investorlar tomonidan yer uchastkalarini ijaraga olish asoslari va shartlari tartibga solinmoqda. Diplomatik vakolatxonalarning yerga oid huquqlari aks etyapti.
Loyiha bilan investorlarga yer uchastkalarini ijaraga berish muddatini 25 yildan 49 yilgacha uzaytirish taklif etilyapti. Maqsad investorlarning uzoq muddatli yirik loyihalarga sarmoya kiritishini rag‘batlantirish va bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiyotimizni mustahkamlashdan iborat.
Hujjat loyihasida yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar uchun ham qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar 49 yil muddatga ijaraga berilishi mustahkamlanmoqda. Amaldagi qonunchilikda mazkur yerlar 30 yil muddatga ijaraga berilishi belgilangan.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yer munosabatlarida shaffoflikni ta’minlash va undan samarali foydalanish, amaldagi huquqiy normalarni tizimlashtirish, yer uchastkalariga nisbatan investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi. Xorijiy investorlar uchun yer munosabatlarida huquqiy kafolatlar yaratadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA