O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida yirik korrupsion sxema fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda fuqaro G.U. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida ishlovchi tanishlari orqali Turkiyaning “Y.T.” korxonasini xorijiy eksportyor korxonalar reyestriga kiritib berish evaziga ming AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda fuqaro G.U. va agentlikning bosh mutaxassisi M.G. o‘zaro til biriktirib, “S.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Rossiya Federatsiyasidan yog‘och va Turkmaniston Respublikasidan pomidor mahsulotlarini import qilishda import karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirib berish evaziga 2,9 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Bundan tashqari, fuqaro G.U.ning 2 ta bank plastik kartasiga fuqarolardan R2R shaklida 10,9 milliard so‘m kelib tushgan. Shundan atigi 1,6 milliard so‘mini to‘lovlar uchun to‘lab, 6,1 milliard so‘mini naqdlashtirib, agentlikning mas’ul xodimlariga bergani va qolgan 3,1 milliard so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.
Agentlik va uning quyi tashkilotlari g‘azna hisob raqamlariga kelib tushgan 91,7 milliard so‘m tahlil qilinganda 14,9 milliard so‘mlik to‘lovlar 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilib, shundan 174 nafari agentlik tizimi xodimi va 34 nafari ularning yaqin qarindoshlari ekani aniqlangan.
N.Abduraimova, O‘zA