Ayrim bozorlarning ma’lum bir qisimlari elektr ta’minotidan uzildi
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan poytaxtimizdagi uchta bozorda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazildi.
Jumladan, Yashnobod tumanidagi “Aviasozlar” dehqon bozori, Shayxontohur tumanidagi dehqon bozor hamda Chilonzor tumanidagi buyum bozori tekshirildi.

Tekshiruvlar davomida mazkur bozorlarning ayrim hududlarida yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi. Shu munosabat bilan, ushbu bozorlarning ayrim bloklari aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar tegishli hujjat asosida faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
— Tekshiruv davomida shu aniqlandiki, barcha bozorlarda ochiq holatdagi elektr simlar, yong‘inga olib keluvchi vaziyatlar hamda yong‘in o‘chirish uchun ishlatiladigan jo‘mraklarning nosozligi va ayrim joylarda umuman mavjudmasligi kabi yong‘in xavfsizlik qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani holatlari kuzatildi, – dedi Toshkent shahar FVBB axborot xizmati boshlig‘i Zuhriddin Qurbonov. – Tegishli tartibda shu kamchiliklar aniqlangan joylar, ya’ni bozorning ma’lum bir qisimlari elektr ta’minotidan uzildi. Yuqorida keltirilgan davlat yong‘in nazorati tekshiruvi o‘tkazilgan bozorlar faoliyati to‘liq to‘xtatilgani yo‘q. Tekshiruvlardan aniqlangan kamchiliklar bor joylar elektr ta’minotidan vaqtincha uzildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA