AQSH Xalqaro jinoyat sudiga yana tish qayramoqda
Vashington Xalqaro jinoyat sudi rahbari Tomoko Akane va katta prokuror Abdulaye Seyega nisbatan yangi sanksiya joriy qildi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio ularni mamlakat rozilik bermagan holda amerikalik va boshqa davlatlar fuqarolarini tergov qilish hamda javobgarlikka tortish jarayonida qatnashganlikda aybladi.
Rubio XJSni “korrupsiyaga botgan va siyosiylashgan” tuzilma deb atadi. Uning fikricha, mahkama vakolati doirasidan ancha chiqib ketgan. Vashington avval ham ushbu tashkilotni Isroilga nisbatan siyosiy harakat uyushtirishda ayblab kelgan.
Gaagada joylashgan sud sanksiyaga keskin munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, yangi cheklov qonun ustuvorligiga putur yetkazadi. Qolaversa, huquq me’yorini qo‘llagani uchun sudya va boshqa xodimlarga bosim o‘tkazilishi butun xalqaro huquqiy tizim uchun xavfli ekani qo‘shicha qilingan.
AQSHning bosimi esa tobora kuchaymoqda. Iyul oyida Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati XJS faoliyatini “tizimli ravishda izdan chiqarish” rejasi borligini bildirgan. Bundan tashqari sud xodimlariga nisbatan sanksiya qo‘llash, vizani bekor qilish va safar uchun taqiq qo‘yish ehtimoli ilgari surilgan. 2024-yil noyabrda esa sud Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olishga order bergan.
Musulmon Ziyo, O‘zA