AQSH chiplar va tibbiyot mahsulotlari bo‘yicha importga qaramlikni bartaraf etmoqchi
Qo‘shma Shtatlar o‘z hududida yirik yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish korxonalarini barpo etmoqda va bu kelajakda chet eldan mikrochiplar xarid qilish ehtiyojini butunlay yo‘qqa chiqaradi.
Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp “WABC” radiosiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ilgari Xitoyga chiqib ketgan chip ishlab chiqarish sohasi yana mamlakatga qaytmoqda va ayni vaqtda asosan, Arizona shtatida dunyodagi eng yirik zavodlar qurilmoqda.
Bundan tashqari, Oq uy rahbari farmatsevtika hamda tibbiy uskunalar ta’minotida ham xorijga qaramlikni kamaytirish ko‘zlanganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Eli Lilly”, “Pfizer” va “Merck” kabi gigant korporatsiyalar o‘lka ichida yangi quvvatlarni barpo etmoqda.
Agar kompaniyalar ishlab chiqarishni AQSHga qaytarmasdan, Germaniya yoki boshqa davlatlarda qoldirsa, yirik boj tariflarini to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Shu sababli farmatsevtika sohasi vakillari ham zavodlarni AQSHning o‘zida qurishni afzal ko‘rishmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA