Olimlar vazn kamaytirishning yangi yo‘lini aniqladi
Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti tadqiqotchilari miyaga ta’sir qilish orqali vazn kamaytirishning ikki xil mexanizmini aniqlashdi.
“Nature Metabolism” jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, ishtaha va metabolizmni boshqarishda ishtirok etuvchi GIPR retseptorini ham faollashtirish, ham bloklash vazn kamayishiga olib kelishi mumkin. Biroq bu jarayonlar miyaning turli qismlari orqali amalga oshadi.
Tadqiqotda GIPR retseptorini faollashtiruvchi vositalar asosan miya sopiga ta’sir qilishi va natijada ishtahani pasaytirib, vazn kamayishiga olib kelishi aniqlangan. GIPR bloklanganda gipotalamusdagi to‘yish signallariga to‘sqinlik qiluvchi o‘ziga xos “tormoz” mexanizmi susayadi. Bu esa to‘yish hissini kuchaytirib, oziq-ovqat iste’moli va tana vaznining kamayishiga yordam beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur kashfiyot zamonaviy vazn kamaytiruvchi dorilarning ta’sir mexanizmlarini yaxshiroq tushunish va nojo‘ya ta’sirlari kamroq bo‘lgan samarali preparatlarni ishlab chiqishga yordam berishi mumkin. Xususan, GIPRni bloklash semirishga qarshi boshqa preparatlar, jumladan, GLP-1 retseptorlariga ta’sir qiluvchi dorilar samarasini kuchaytirishi mumkin.
Ayni paytda ushbu tamoyilga asoslangan ayrim dorilar ishlab chiqilmoqda. Ammo bunday kombinatsiyalarning samaradorligi va xavfsizligi hali klinik sinovlarda to‘liq tasdiqlanmagan. Tadqiqot sichqonlarda o‘tkazilgan. Shu sababli aniqlangan mexanizmlar inson organizmida ham xuddi shu tarzda ishlashi hozircha noma’lum.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA