ANOR BANK reklamada muhim ma’lumotlarni ko‘rsatmagani uchun jarimaga tortildi
Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro murojaati asosida “ANOR BANK” AJ tomonidan instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan reklama axborotini o‘rgandi.
Murojaatda bank e’lon qilgan aksiya haqidagi reklamada aksiya shartlari to‘liq ko‘rsatilmagani qayd etilgan.
O‘rganishlar davomida reklamada moliyaviy xizmatlar bo‘yicha iste’molchi qaror qabul qilishi uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlar, jumladan, aksiyaning amal qilish shartlari, belgilangan limit va limitdan oshgan taqdirda qo‘llaniladigan komissiya haqidagi ma’lumotlar berilmagani aniqlandi.
Shu munosabat bilan Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonuni 16, 21 va 43-moddalari talablari buzilgani yuzasidan «ANOR BANK» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ishni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, bankka nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligini ta’minlash maqsadida bankka bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
N.Rahmonova,
O‘zA