Qurolni ixtiyoriy topshirish — jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim qadam
Noqonuniy muomaladagi qurol-yarog‘ va portlovchi vositalar har qanday jamiyat xavfsizligi uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Shu bois, dunyo mamlakatlari bu xavfni kamaytirishning turli huquqiy mexanizmlarini qo‘llab kelmoqda. O‘zbekistonda ham bu borada yana bir muhim qadam tashlandi. Hukumatning 2026-yil 7-iyuldagi tegishli qarori bilan ro‘yxatga olinmagan qurol va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi materiallar hamda portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga ixtiyoriy ravishda topshirish va bunday fuqarolarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi.
Yangi tartibning asosiy maqsadi jazolash emas, balki aholi ixtiyorida turli sabablar bilan saqlanib qolgan ro‘yxatga olinmagan qurollarni qonuniy tarzda davlat nazoratiga qaytarishdir. Bu esa noqonuniy qurollar sonini qisqartirish, jinoyatchilik xavfini kamaytirish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Nizomga muvofiq, jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs rahbari ro‘yxatga olinmagan qurol yoki portlovchi vositalarni ixtiyoriy ravishda topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilib, ichki ishlar organlariga og‘zaki yoki yozma murojaat qilsa, u mazkur ashyolarni o‘z xohishi bilan topshirgan deb hisoblanadi. Bu esa fuqarolar uchun huquqiy jihatdan aniq va shaffof tartibni belgilaydi.
Qurolni topshirish jarayonida xavfsizlik talablariga alohida e’tibor qaratilgan. Qurol qismlarga ajratilgan, patronlaridan bo‘shatilgan va begona shaxslar ko‘ra olmaydigan tarzda o‘ralgan holda ichki ishlar organlariga taqdim etilishi lozim. Bu talablar qurolni tashish va qabul qilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat — ixtiyoriy ravishda qurol topshirgan shaxslarning moddiy rag‘batlantirilishi. Mintaqaviy texnik komissiya har bir holatni ko‘rib chiqib, pul mukofoti tayinlash yoki rad etish, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda qurolni imtiyozli sotib olish huquqini berish masalasini hal qiladi. Pul mukofotlari ichki ishlar organlari rahbarlarining buyrug‘i asosida to‘lanadi.
Xalqaro tajriba ham qurollarni ixtiyoriy topshirish dasturlari samarali ekanini ko‘rsatadi. Ko‘plab davlatlarda aynan shunday mexanizmlar orqali minglab noqonuniy qurollar muomaladan chiqarilgan va jamoat xavfsizligi mustahkamlangan. O‘zbekistonda joriy etilayotgan mazkur tartib ham shu maqsadga xizmat qilib, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora sifatida ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, mazkur qaror fuqarolarda huquqiy ong va mas’uliyatni oshirishga ham xizmat qiladi. Noqonuniy qurolni yashirish emas, balki uni davlat organlariga ixtiyoriy ravishda topshirish rag‘batlantirilayotgani xavfsiz jamiyatni barpo etishga qaratilgan yondashuvning amaliy ifodasidir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA