Aholi farovonligi — doimiy e’tiborda
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Buxoro viloyatida hududlarni obodonlashtirish, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish va ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati Gulchehra Ravshanova tomonidan hududlarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, fuqarolarning murojaat va takliflarini o‘rganish, ijtimoiy sohadagi vazifalar ijrosini tahlil qilish yuzasidan deputatlik nazorati olib borilmoqda.
Navbatdagi o‘rganish “M.Narshaxiy” bog‘ida o‘tkazilib, hududdagi obodonlashtirish ishlari, sanitariya holati, infratuzilma va aholi uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Jamoat maskanlarini doimiy obod va ko‘rkam saqlash, mavjud infratuzilmani takomillashtirish hamda aholi uchun qulay dam olish muhitini yaratish muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
O‘rganishlar “Varaxsha” mahalla fuqarolar yig‘inida ham davom ettirildi. Bu yerda ijtimoiy xodim, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektorining faoliyati tahlil qilindi.
[gallery-30849]
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini barvaqt aniqlash va yechimini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mahallada aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va muammolarning oldini olish bo‘yicha mas’ullarning vazifalari belgilab berildi.
Shuningdek, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar salomatligini asrash va ijtimoiy faolligini oshirish masalalari o‘rganildi. Ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va manzilliligiga ham baho berildi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga jalb qilish, bandligini ta’minlash va zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish borasidagi ishlar ham deputatlik nazorati doirasida ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlarda fuqarolarning murojaat va takliflari tinglanib, ko‘tarilgan masalalarni joyida hal etish choralari belgilandi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, hududlar obodligini ta’minlash, aholi uchun munosib sharoitlar yaratish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar mas’ullar zimmasiga yuklatilib, deputatlik nazoratiga olindi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA