“Volkswagen” avtomobil savdosida so‘nggi to‘rt yildagi eng keskin pasayish kuzatildi
GFRning mashhur “Volkswagen” avtokonserni joriy yilning uchinchi choragida global avtomobil yetkazib berish hajmi 14,3 foizga kamayganini ma’lum qildi. Bu so‘nggi to‘rt yildan ortiq vaqt ichidagi eng keskin pasayish bo‘lib, unga asosan kompaniyaning eng yirik bozori hisoblangan Xitoydagi savdoning sustlashgani sabab bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, savdo hajmining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lgan yetkazib berish miqdori chorak davomida 1,89 millionta avtomobilgacha tushib ketgan. Xususan, XXRga avtomobil yetkazib berish uch oyda 38,5 foizga, yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa 30,2 foizga qisqargan. Ko‘rsatkichlar Shimoliy Amerikada 5,8 foizga va G‘arbiy Yevropada 2,8 foizga pasaygan bo‘lsa, Markaziy va Sharqiy Yevropada 1,4 foizlik kichik o‘sish kuzatildi.
Kompaniya rahbariyati vakili Martin Sander Xitoy bozoridagi bu keskin pasayish butun avtomobilsozlik sohasi uchun jiddiy sinovga aylanganini ta’kidladi.
Nemislarning boshqa brendlari ham kuchli bosim ostida. Avvalroq “Porsche” va “Mercedes-Benz” kompaniyalari ham Xitoydagi savdo ko‘rsatkichlari yomonlashganini ma’lum qilgan edi.
Bundan tashqari, Yevropada elektromobillarga bo‘lgan talab qariyb 20 foizga oshganiga qaramay, Xitoydagi sustlik va mahalliy brendlarning ayovsiz raqobati sabab “Volkswagen” kompaniyasining global elektromobil yetkazib berish hajmi chorak davomida 5 foizga qisqardi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA