Tramp: Rossiya va Ukraina energetik sulhga kelishdi (+video)
AQSH Prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqda Rossiya va Ukraina energetika ob’ektlariga o‘zaro hujumni zudlik bilan to‘xtatishga kelishganini ma’lum qildi. Zelenskiy esa avval xabari bo‘lmagan bu kelishuvni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi, deb yozgan “Euronews”.
«Shu paytdan boshlab Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda energetika sohasida o‘zaro hujumni to‘xtatish tartibi kuchga kiradi. Ikkala tomon ham bunga rozi» — deb yozdi u. RF hozircha bu axborotni tasdiqlagani yo‘q.
Zelenskiyning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqda shu xabarga munosabat bildirdi:
– Ukraina bu sulhni ma’qullaydi, – deb yozgan Zelenskiy. – Rossiya ham qo‘llab-quvvatlashi muhim. Biz Amerika tomonidan batafsil ma’lumot berilishini kutyapmiz. Ukraina o‘z navbatida keskinlikni yumshatish, insonlar hayotini himoya qilish, urushni tugatish va uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rilishiga har doim to‘liq sodiq. Bugunning o‘zida energetika nishonlariga hujumni to‘xtatish mumkin.
Zelenskiy vaziyatni yumshatishga qaratilgan har qanday qadam ikki tomonlama bo‘lishi va aniq kafolat bilan mustahkamlanishi kerakligini ta’kidladi.
– Putin Ukraina Prezidenti almashishini juda xohlaydi, bilaman, – degan Ukraina yetakchisi. – Buni tushunaman. Men Tramp jamoasiga aytdim: Agar Prezident haqiqatan saylov orqali qandaydir o‘zgarish bo‘lishini istasa, ikki oy, ya’ni 60 kun davomida o‘t ochish to‘liq to‘xtatilsin, biz saylov tashkil qilamiz. Ukraina xalqining har qanday tanlovini qabul qilishga tayyormiz.
Ta’kidlanishicha, Ukraina urush holatida bo‘lgani uchun saylov o‘tkazish juda qiyin. Bu nafaqat xavfsizlik, balki saylov o‘tkazishga doir amaldagi qonun va Konstitutsiyaga zidligi bilan ham bog‘liq.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA